TOShKENT, 24-iyun – Sputnik. BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” nomli rezolyutsiyani qabul qildi deb xabar qilmoqda Uza.
O‘zbekiston tomonidan qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjatni BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikaning 55 mamlakati ushbu rezolyutsiya hammualliflari bo‘ldi. Ular orasida Avstraliya, Avstriya, Afg‘oniston, Belarus, Germaniya, Italiya, Hindiston, Indoneziya, Kanada, Nigeriya, Norvegiya, BAA, Koreya Respublikasi, Singapur, Turkiya, Shveysariya, Ekvador va boshqa mamlakatlar bor. Hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlarda Markaziy Osiyoning barcha yetakchi hamkor davlatlari, jumladan, Rossiya, XXR, AQSh va YeI mamlakatlari faol va konstruktiv tarzda ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidaso‘zga chiqib — Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida maxsus rezolyutsiya kiritishni mo‘ljallaganmiz, degan edi.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim roli e’tirof etiladi. Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va taraqqiyot sohalaridagi mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari alohida qayd etiladi.
RezolyutsiyadaBosh Assambleya mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi bayon etiladi.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, suv va energiya manbalaridan unumli va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil etish, ma’rifat, fan, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm, madaniyat, san’at va sport sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘nalishlarida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etiladi.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratiladi.
To‘rtinchidan, Rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamg‘arma va dasturlarni mintaqa mamlakatlari tomonidan ko‘zda tutilayotgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va barqaror taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga da’vat etadi.
Xulosa qilib aytganda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya Markaziy Osiyoni hamkorlikda umumiy muammolarni hal qilish, mintaqa taraqqiyoti va uning ko‘p millionli aholisi farovonligini ta’minlashga qodir yaxlit jipslashgan mintaqa sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.