Osh diplomatiyasi

“Rossiyadagi har bir o‘zbek restorani bu O‘zbekistonning kichik elchixonasi emasmi?” degan edi Stalik Xankshiyev o‘z chiqishlaridan birida.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyun — Sputnik, Bekzod Raxmonov. Oshni diplomatiyaga nima aloqasi bor deysizmi?

Kitoblarda yozilishiga ko‘ra, diplomatiya – bu davlat manfaatlarini himoya qilish va kerakli maqsadga erishish uchun chet ellarda olib borilayotgan faoliyat ekan. Dunyodagi yuzlab elchixonalar aynan shuning uchun xizmat qiladi.

Moskvadagi Palov festivalida o‘zbek oshi g‘olib chiqdi

Ma’lumki, o‘tgan yil oxirida Parlament oldida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev elchilar oldiga masalani ko‘ndalang qo‘ydi – eksportni ta’minlash va turist olib kelish. Xo‘sh, begona mamlakatda O‘zbekistonga borishga, O‘zbekiston mahsulotlarini sotib olishga qiziqishni qanday orttirish mumkin?

Kuni kecha ushbu maqsad sari qo‘yilgan qadamlardan birining guvohi bo‘ldim. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya fuqarolari orasida tanlov e’lon qildi. Unda qatnashish uchun osh pishirish jarayonini videoga olib uni Yutubga joylashtirish kerak. Hay’at a’zolari videolavha bo‘yicha besh nafar finalchini tanlaydi. Moskvada bo‘lib o‘tadigan final bahsi g‘olibiga esa O‘zbekistonga sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi. Tanlovning asosiy shartlaridan biri — unda O‘zbekiston fuqarolari yoki oldin O‘zbekistonda yashagan rossiyaliklar qatnashishi mumkin emas.

Zig‘ir moy qayda-yu Moskva qayda

Moskvaga ilk bor kelishim edi, 2004-yil fevral oyi. Meni aeroportda kutib olayotgan do‘stlarim ko‘zlarini katta ochib “qovun olib kelmadingmi? Axir sen O‘zbekistondan kelayapsan-ku” deb so‘rashgandi. Fevralda qovun nima qilsin, eh moskvaliklar… 

Shundan keyin bir necha yil Moskvada ishladim, do‘stlarim ko‘paydi. Ular bilan tez-tez u er-bu yerda to‘planadigan bo‘ldik. Goh tabiat qo‘ynida, goh biror kishining dala-hovlisida. Har gal davrada menga “bir osh pishirib bermaysanmi, sen o‘zbekistonlik-ku, osh pishirishni bilishing kerak,” degan iltimoslar kelib tushaverdi.

Osh pishirishning ko‘rgazmali retsepti

Bir gal osh pishirishga qaror qildim. Magazindan guruch, kungaboqar moyi, go‘sht va sabzi  olib keldim. Talabalik yillarimda yotoqxonada bir-ikki bor osh pishirgan edim-u, lekin, tajribam ko‘p emasdi. Ikkinchidan Rossiya guruchi odatda yumshoqroq bo‘ladi va ko‘p hollarda oshda ezilib ketadi. Natijada bo‘tqaga o‘xshash bir taom bo‘ldi. Noqulay bo‘lsa-da dasturxonga olib keldim. Haqiqiy oshni hech qachon yemagan do‘stlarim “oh maza bo‘pti-ku” deya uni paqqos tushirishdi. Menga rahmat aytishdi.

Shundan so‘ng, oldimga nima bo‘lsa ham osh pishirishni yaxshilab o‘rganib olaman, deb maqsad qo‘ydim. Uyga telefon qilib hammasini batafsil so‘rab oldim. Ular “zig‘ir yog‘i bo‘lsa yaxshi bo‘ladi” deyishdi.

Moskva qayerda-yu zig‘ir yog‘ qayerda. Bozordan bir amallab O‘zbekiston guruchi va zira topdim, lekin qolgan narsalarni topishning iloji yo‘q edi. Zig‘ir moyi tugul paxta yog‘i ham yo‘q edi.

Osh “bumi”

Oradan bir ikki yil vaqt o‘tdi. Bir kun uyimiz yaqinidagi “Cheremushki”  bozoriga kirsam, quritilgan mevalar sotadigan bo‘limda paxta yog‘i, zig‘ir yog‘i, 4-5 xil a’lo navli o‘zbek guruchlari sotilayapti. Undan tashqari qo‘lbola qozon va o‘choqlar ham paydo bo‘libdi.

Tanish sotuvchidan, hazillashib “Ie, O‘zbekistonni ko‘chirib kelibsizlarmi?” deb so‘rasam, “Yo‘q aka, shu narsalarni so‘rab kelayotgan odamlar juda ko‘payib ketdi. Ruslar orasida “osh bumi” boshlangan", — dedi.

Osh diplomatiyasi

Keyinchalik Moskvada “Osh bumi” qanday boshlanganini tushundim. Hammasiga farg‘onalik Stalik Xankishiyevning “Kazan mangal i drugie mujskie udovolstviya” nomli kitobi sabab bo‘lgan ekan.

Xankishiyevning osh pishirish va boshqa o‘zbek taomlari haqidagi ushbu kitobi Rossiyada kichik inqilobni amalga oshirdi desak xato bo‘lmaydi. Undan tashqari u kishi internetdagi blogi va televizordagi ko‘rsatuvlarda odamlarga oshni qanday pishirish, qanday masalliqlar kerakligi, qanaqa qozonda yaxshi bo‘lishi, umuman hammasini batafsil tushuntirib berayotgan ekan.

Stalik olib borayotgan ko‘rsatuvlar odatda ikki soatga cho‘ziladigan zerikarli pazandalik ko‘rsatuvlariga hecham o‘xshamasdi. U 15-20 daqiqa ichida hamma narsani qisqa va lo‘nda qilib tushuntirib va ko‘rsatib berar, ora-orada o‘zbeklarning qiziq va o‘rnak olsa arziydigan urf-odatlari, mehmondo‘stligi, shinavandaligi haqidagi kichik hikoyalarni ham aytib berar edi. Mazali taom va qiziq hikoyalar tomoshabinni bir zumda Stalikning va o‘zbek taomlarining doimiy muxlisiga aylantirar edi.

Shundan so‘ng Moskva bozorlarida talabga yarasha taklif paydo bo‘ldi. Lazer, alanga, devzira kabi guruchlar deysizmi, sariq sabzi deysizmi, qizdirilgan zig‘ir moyi deysizmi, sopol tovoqlar  – barchasi yoppasga sotila boshladi.

Rossiyada o‘zbek taomlarini uyda pishirish – ko‘pchilikning orzusiga aylandi. Hatto mendan fevralda qovun so‘ragan og‘aynimning uyida ham qozon va o‘choq paydo bo‘ldi.

Natijada, bularning hammasi bir ulkan va muhim vazifani amalga oshirdi — ruslar orasida O‘zbekistonga qiziqish paydo qildi. Rossiyada mehnat qilib yurgan o‘zbekistonliklarga nisbatan munosabat ham yaxshi tomonga o‘zgardi. Iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli o‘zga yurtda ishlashga majbur bo‘layotgan o‘zbeklar boy madaniyatga ega bo‘lgan, mehmondo‘st va pazanda xalq ekanini ruslar ham tushuna boshladi. Oldin faqat Yevropa bilan qiziqqan do‘stlarim O‘zbekistonga borish haqida o‘ylay boshladi.

Osh power

Bugun Moskvada har qadamda o‘zbek restoranini ko‘rishingiz mumkin. Umuman Rossiyada ommaviyligi bo‘yicha o‘zbek restoranlari xorijiy restoranlar orasida yetakchi o‘rinni egallagan. O‘zbek taomlarini aholining barcha qatlami sevib iste’mol qiladi. Restorandan tashqari kichik somsaxonalar yoki kafelar soni ham oshib bormoqda.

Mana shu restoranlarning har biri o‘zbekona uslubda bezatilgan, u erda o‘zbek taomlari paxta gulli likopchalarda uzatiladi. U yerga kelgan odamlar istasa-istamasa o‘zbek madaniyati bilan tanishadi.

Osh diplomatiyasi

“Har bir o‘zbek restorani bu O‘zbekistonning kichik elchixonasi emasmi?” deb tomoshabinlarga yuzlangan edi Stalik Xankshiyev o‘z chiqishlaridan birida. Bir-biriga o‘xshamagan ikki millat vakillari orasida eng qisqa ko‘prik — milliy oshxona orqali o‘tgan bo‘lsa ajab emas.

Odatda bir mamlakatda ishlab chiqarilgan  mahsulotlarni boshqa joyda targ‘ib qilish uchun yillab vaqt, millionlab mablag‘ va reklama kerak bo‘ladi. Lekin o‘zbek oshi Moskvani bir yilda zabt etdi, desam xato bo‘lmaydi. Moskvada uzoq yillardan beri yashab kelayotgan odam sifatida men buni aniq his qildim.

Ha, xalqimizning boy madaniyati va urf-odatlarini o‘zida mujassam qilgan mana shu milliy taomimiz ruslar oldida obro‘yimizni bir zumda oshirdi. Bir zumda o‘zbek guruchlari, sariq sabzi, paxta va zig‘ir yog‘iga, o‘zbekcha qozon va o‘choqlarga minglab xaridorlar paydo bo‘ldi.

Mana sizga osh diplomatiyasi yoki soft power.