TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Moskvada 1-aprel kuni VNDX bog‘ida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanalar va Palov festivali bo‘lib o‘tdi.
"Moskva Navro‘zi" deb nom olgan tadbirning birinchi qismi VNDX bog‘idagi 75-pavilonda bo‘lib o‘tdi. Undan Navro‘zni milliy bayram sifatida nishonlaydigan bir necha mamlakatlar va xalqlar stendlari namoyish edildi. Ular orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Eron, va Tatariston, Boshqirdiston kabi bir necha viloyat va o‘lkalar stendlari ham bor edi.
Tadbirga kelgan moskvaliklar va mehmonlarga har bir mamlakat urf-odatlari, noz-ne’matlari, milliy liboslarini namoyish etildi. Shuningdek, milliy musiqa va raqslar ham ijro etildi.
O‘zbekiston, Tojikiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Qurdiston oshpazlari tanlov shartiga ko‘ra tomoshabinlarga o‘z taomlarini taqdim etishdi.
Oshni tatib ko‘rishni istagan mehmonlardan ulkan navbatlar paydo bo‘ldi. Har bir mamlakat oshpazlari o‘z taomlarini imkon qadar chiroyliroq bezatishga harakat qilishdi.
Juri a’zolari o‘ta jiddiy tanlovdan keyin birinchi o‘rinni o‘zbek paloviga, ikkinchi o‘rinni Qurdiston oshiga va uchinchi o‘rinni Tojikiston oshiga berishdi. Qirg‘iziston oshi esa tomoshabinlar maqtovi sovrinini oldi.
Shu kun 900 kg palovdan bir dona guruch ham qolmadi.