TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti xalqqa Ramazon hayiti munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
"Muhtaram yurtdoshlar!
Tabarruk ayyom arafasida ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh shaxslarni avf etish to‘g‘risida farmon qabul qilingani xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va mehr-shafqat fazilatlarining yana bir yaqqol namoyoni bo‘ldi.
Hech shubhasiz, bu huquqiy hujjat jamiyatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirgan insonlarni kechirish, ularni oilasi bag‘riga, to‘laqonli hayotga qaytarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarimizning uzviy davomidir.
Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini o‘ylab yashagan inson, xalq hech qachon kam bo‘lmaydi.
Barchangizni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor tabriklayman.
El-yurtimizning shu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat bo‘lsin!
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizda tinchlik, ahillik, fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!", — deyiladi tabrikda.