Vladimirda O‘zbekiston mahsulotlari uchun logistika markazi quriladi

Vladimirda quriladigan logistika markaziga O‘zbekiston mahsulotlarini oldindan to‘lovsiz olib kelish mumkin bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyun – Sputnik.Buxoro viloyati hokimligi va "O‘zbekoziqovqatxolding" XK, O‘zbekiston mahsulotlari uchun Vladimirda logistika markazi qurishga qaror qilishdi, deyilgan Vazirlar Mahkamasining 430-sonli qarorida.

Logistika markazi Rossiya Federatsiyasining Vladimir shahrida joylashgan OAO “Investstroy” korxonasi ishlab chiqarish bazasi asosida quriladi. Xususan, u yerdagi mavjud binolarni qayta tiklash, yangi binolar va sovuqxonalar qurishni nazarda tutadi.

Hujjatda belgilanishiga ko‘ra, "Investstroy" kompaniyasi “O‘zagroeksport” tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini oldindan to‘lov, akkreditiv yoki birinchi klass bank garantiyasi talab qilinmagan holda eksport qilish mumkin bo‘lgan Rossiya kompaniyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Qirg‘iziston birgalikda logistika markazi tashkil qilishni taklif qildi

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning avgust oyida tasdiqlangan ro‘yxatga Rossiyaning oltita yirik chakana savdo tarmoqlari kiritilgan — AO "Tander" (Magnit), X5 Retail Group (Perekrestok), GK "Xolidey" (Kontinent), va "Mariya-Ra", "Monetka",  "Chelni-xleb".

O‘zbekiston OAVlari xabariga ko‘ra OAO "Investstroy" 1992-yilda tashkil qilingan. Uning aksionerlari – O‘zbekiston xususiylashtirilgan kompaniyalarga yodam berish qo‘mitasi (60%) va Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan OOO “Algor” (40%). Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishi ko‘chmas mulk obyektlarini boshqarish va ijaraga berishdan iborat.