TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 8-10 iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Sindao shahrida o‘tadigan o‘n sakkizinchi majlisida ishtirok etadi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Sammitda tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, transport-kommunikatsiya sohasidagi aloqalarni faollashtirish masalalari hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlari muhokama qilinadi.
O‘zbekiston rahbari ShHT sammiti doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
Ilgariroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9-iyun kuni ShHT sammiti maydonida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishi haqida xabar bergandik.
Ayni vaqtda ShHTga a’zo mamlakatlar: Rossiya, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston.
Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mongoliya kuzatuvchi-davlatlar maqomiga ega.