Moskvadagi Ramazon chodirida O‘zbekiston oqshomi bo‘lib o‘tdi

28 may kuni Moskvadagi Xotira masjidi yonidagi Ramazon chodirida O‘zbekiston oqshomi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 29-may - Sputnik. Kecha Moskvadagi “Poklonnaya gora” bog‘idagi Xotira masjidi oldida qurilgan Ramazon chodirida O‘zbekiston oqshomi bo‘lib o‘tdi.

Bugun Moskvada "Ramazon chodiri" ochiladi

Soat 18 ga yaqin bu yerga Moskvaning turli burchaklaridan musulmonlar oqib kela boshladi. 500 kishiga mo‘ljallangan ulkan chodirning ichi bir zumda odamga to‘ldi. Kelganlarning barchasi iftorda ishtirok etishlari uchun chodir tashqarisida ham bir necha stollar qo‘yildi.

Stollar ustida iftorlik uchun tayyorlab qo‘yilgan xilma-xil taomlar, non, somsa va suv qo‘yilgan, ko‘ngilli xizmat qiluvchi yosh yigit-qizlar likopchalar to‘la patnislar bilan stollar oralab tinimsiz harakatlanar edi.

Chodir markazida o‘rnatilgan sahnadan madaniy-ma’rifiy ma’ruzalar, jonli ijro etilayotgan chiroyli qo‘shiqlar hamda katta ekranda namoyish etilayotgan qiziqarli videolavhalar mehmonlarni bir zum ham zeriktirmadi.  

Sahnadan diniy ulamolar, Moskva shahar ma’muriyati vakillari, O‘zbekistonga ziyorat sayyohatlari uyushtiruvchi kompaniya vakillari hamda mehnat migrantlariga kreditlar beruvchi tashkilotlar vakillari nutq so‘zlashdi. Soat 9ga yaqin iftorlik boshlandi.

Ramazon oyini munosib o‘tkazish haqidagi prezident qarori e’lon qilindi

Bu safargi O‘zbekiston oqshomini tashkil qilishda – Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi, O‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi, bir necha tijorat kompaniyalari hamda oddiy musulmonlarning xayr-ehsonlari evaziga tashkil qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Ramazon Chodiri bu — Rossiya Musulmonlar diniy boshqarmasi hamda Moskva shahar hukumati tomonidan har yili Ramazon oyi davomida tashkil qilinadigan madaniy-xayriya tadbiridir. Bu yerga muqaddas Ramazon oyi davomida millati dinidan qat’iy nazar har bir kishi kelishi, tadbirlarda ishtirok etishi va iftorlik qilishi mumkin.