"Zomin" sanatoriysida yangi Ona va bola bo‘limi foydalanishga topshirildi

Eng xushmanzara hududida joylashgan va iqlimiy kurort hisoblanmish mazkur sanatoriy sil kasalligi, bronxial astma, allergik, asab tizimi va tayanch-harakat a’zolari kasalliklari mavjud bo‘lgan dam oluvchilarni sog‘lomlashtirish uchun ixtisoslashtirilgan
Sputnik

TOShKENT, 12-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Joriy yilning 12-may kuni "Zomin" sanatoriysida barpo etilgan yangi "Ona va bola bo‘limi"ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot-xizmati rahbari.

O‘zbekistonga kelganda, albatta boriladigan 10ta joy
Jizzax viloyatida istiqomat qilayotgan 20 nafar ehtiyojmand oila hamda keksa avlod vakillari ushbu yangi "Ona va bola bo‘limi"da bepul davolanishayotgani xabar qilindi.

"Bu bilan Kasaba uyushmalari federatsiyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan "Obod qishloq" dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda", — dedi suhbatdosh va yangi bo‘limning ilk dam oluvchilari viloyatdagi onalar va bolalar, otaxon va onaxonlar bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

"Zomin" sanatoriysida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshirilgani bilan bir qatorda, 14 ta yangi ish o‘rni yaratilib, sanatoriy joylashgan hudud aholisi ish bilan ta’minlangan. 

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda "Zomin" sanatoriysi tashhislash tadbirlarini o‘tkazish uchun eng yangi davolash asbob-uskunalari bilan jihozlangan zamonaviy sanatoriy majmui hisoblanadi. Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy yonbag‘irlaridagi Zomin qo‘riqxonasining eng xushmanzara hududida joylashgan va iqlimiy kurort hisoblanmish mazkur sanatoriy nafas olish a’zolari kasalliklari (sil (tuberkuloz) kasalligi etiologiyalaridan tashqari), bronxial astma, allergik, asab tizimi va tayanch-harakat a’zolari kasalliklari mavjud bo‘lgan dam oluvchilarni sog‘lomlashtirish uchun ixtisoslashtirilgan.

O‘zbekistonning chet elda ham mashhur sanatoriysi zamonaviylashtirildi
Sihatgohdagi ignabargli daraxtlarning muattar hidiga burkangan musaffo tog‘ havosi, go‘zal tabiat manzaralari, yuqori ultra-binafsha nurlari nafas olish a’zolari kasalliklari mavjud bo‘lgan insonlar salomatligiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi va iqlimiy-profilaktik hamda davolash muolajalarini o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar beradi. Asosiy davolash omili kuchsiz tog‘ iqlimi hisoblanadi.

Sanatoriyda bronxial astmaga kasalligi bor bemorlarni davolash uchun tuz g‘ori, shuningdek, suv bilan davolash muolajalari, xususan, sun’iy marvaridli, yod-bromli, ignabargli vannalar, sauna hamda bolalar va katta yoshdagilar uchun mo‘ljallangan ikkita sun’iy hovuz, fizioterapiya, shifobaxsh loy (balchiq) bilan davolash, jismoniy tarbiya bilan davolash, terrenkur, ya’ni piyoda yurish orqali davolash, uqalash muolajalari keng qo‘llaniladi.

Dam oluvchilar uchun tibbiy muolajalar bilan birga bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazish maqsadida Zomin qo‘riqxonasiga va Samarqand shahriga ekskursiyalar tashkil etiladi.