"O‘zbekkonsert" Rayhon G‘aniyevaga unvonga munosib ijod qilishni maslahat berdi

Badiiy sayoz qo‘shiqlarni bir kunda OAVlarda va internet saytlarida to‘xtatib bo‘lmaydi, ammo vaqtlar o‘tib hammasi to‘g‘rilanadi, deya va’da bermoqda "O‘zbekkonsert"
Sputnik

TOShKENT, 11-may — Sputnik. "O‘zbekonsert" Kengashi joriy yilning 8-may kuni  xonandalar tomonidan taqdim etilgan qo‘shiq va videokliplarni ko‘rib chiqdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayxon G‘aniyeva kengashga o‘zining "Yurak" deb nomlangan qo‘shig‘i va unga ishlangan klipni taqdim etgan.

Endi xonandalar yotoqxona va boshqa xosxonalarda yonboshlab qo‘shiq aytmaydi
Xamdam Sobirov so‘zi, Jasur Badalboyev musiqasiga oligan ushbu klip kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilgach, qo‘shiq so‘zlari mantiqan mukammal emasligi, hamda, klipda ayrim kadrlardan nojoiz foydalanilgan deb topildi va qayta ishlashga tavsiya etildi. "Yoshlarimiz ushbu xonandaning qo‘shiqlaridan xushnud bo‘lishini ta’kidlab, bu mavzudagi qo‘shiqlarning so‘zlariga juda jiddiy yondoshish kerakligi, shuningdek, unvonga munosib qo‘shiq kuylanishi zarurligi tushuntirilib, ushbu qo‘shiqni namoyish etish uchun kadrlarni to‘g‘rilash zarurligi ta’kidlandi", — deyiladi "O‘zbekkonsert" xabarida.

"Nihol" mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva tomonidan "Dard" deb nomlangan qo‘shiqning so‘zlari va ijrosi kengashga ma’qul kelgan, lekin qo‘shiqqa ishlangan klipdagi kadrlardan nojoiz foylanganligi bois, ushbu klipni qayta to‘g‘rilash tavsiya etilgan.

"Via Marokand" guruhi tomonidan kuylangan "Turist" qo‘shig‘i matani mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydi, deb topilgan.

"Qo‘shiq so‘zlarida Ram pa papam tara tira tira tam so‘zlari she’riyat talablariga javob bermaganligi tufayli rad etilib, xonandalar qo‘shiq so‘zlarini shoirlar bilan qayta to‘g‘rilab, qayta topshirish mumkinligi tavsiya etildi", — deyiladi xabarda. 

Shu o‘rinda qo‘shiqdan bir shingil keltirilgan:

Bilmadim, bilmadim men hali dunyo ko‘rmadim,

Bir oy bo‘lamiz turist.

Suv osti olimi Jak Iv Kusto,

Ram pa papam tara tira tira tam.

Sirli olam kezaman

Rim yoki Indiya

Emiratmi Indoneziya

Ram pa papam tara tira tira tam.

O‘zbekistonda "shou-biznes" tartibga solinadi
"Ummon" guruhining "Oq gulim" deb nomlangan qo‘shig‘i (so‘zi va musiqasi guruhga mansub) ham so‘zlarining mazmunsizligi hamda klipdagi kadrlardan alkogolli ichimliklar, yotoqxona sahnasini olib tashlash tavsiyasi bilan efirlarga uzatish rad etilgan.

Muassasa mas’ullariga "Ummon" guruhi xonandalarini keyingi kengashga taklif etish vazifasi topshirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda milliy estrada san’atini har qanday begona ta’sirlardan, ayniqsa, endigina voyaga yetib kelayotgan yosh iste’dod sohiblarini "ommaviy madaniyat" ruhidagi oqimlar ta’siridan himoya qilish, milliy urf-odatlar va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, ma’naviy qadriyatlarga mutlaqo yot bo‘lgan nomunosib harakatlarning zararli oqibatlarini estrada xonandalariga tushuntirish, shuningdek yosh, iqtidorli iste’dod sohiblariga ijodiy-uslubiy hamda tashkiliy tomondan malakali ko‘mak berish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.

Mirziyoyev ushbu uchrashuvda "bugun televidenie orqali berilayotgan ba’zi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmay qolganini, har bir harakatida g‘arbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni ko‘rib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari", deya ta’kidlagan.

Milliy estradani "ommaviy madaniyat" ta’siridan saqlash, mazmunan sayoz, yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi qo‘shiq va kliplar yaratilishini oldini olishda ommaviy axborot vositalari, gazeta va jurnallar, davlat va nodavlat telekanallar hamda ishtimoiy tarmoqlar internet saytlarining o‘rni va roli beqiyosligi hech kimga sir emas, deb ta’kidlaydi "O‘zbekkonsert".

Shu bilan birga, muassasa san’atkorlar tomonidan saviyasiz qo‘shiqlarga ishlangan videokliplarni internet saytlarida cheklashning imkoni bo‘lmayotganini ma’lum qilgan.

"Bizning bu qilinayotgan ishlardan maqsadimiz kimningdir ijodini kamsitish yoki ko‘kka ko‘tarish emas, balki asil san’atning yaralishida o‘z hissamizni qo‘shishdir. Badiiy sayoz qo‘shiqlarni bir kunda ommaviy axborot vositalari hamda ishtimoiy tarmoqlar internet saytlaridan to‘xtatib bo‘lmaydi, ammo vaqtlar o‘tib hammasi to‘g‘rilanadi", — deya va’da bergan tashkilot.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-fevralidan boshlab, kamida har o‘n besh kunda Muassasada san’atkorlarning qo‘shiqlarga ishlangan yoki ishlanayotgan videokliplarga ijodiy ko‘maklashuvchi Badiiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

"So‘zning mohiyatini anglamaydilar": Madaniyat vaziri xonandalarni tanqid qildi
Badiiy kengash a’zolari 15 kishidan iborat bo‘lib, yozuvchilar uyushmasi a’zosi, "Yozuvchilar uyushmasi" raisi o‘rinbosari N.Jonuzoq, "O‘zbekkino" milliy agentligi bosh direktor birinchi o‘rinbosari Sh.Rizayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqidan mas’ul xodimlar, musiqashunoslar, klipmeykerlar va san’at sohasi namoyondalari kiritilgan.

Joriy yilning 8-mayiga qadar 7 marotaba Kengash yig‘ilishi o‘tkazilib, Kengashga 59 ta san’atkorlar tomonidan 64 qo‘shiq taqdim etilgan videoklip yozilgan disklarni san’atkorlar bilan birgalikda o‘rganilib, bildirilgan fikr-mulohazalar muhokamasi asosida xulosa va tegishli tavsiyalar berilgan. "O‘zbekkonsert" xabariga ko‘ra, shulardan odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi holatlar kabi kamchiliklar bo‘lganligi bois, efirlarga uzatish rad etilib kelinmoqda.