TOShKENT, 4-may — Sputnik. O‘zbekiston Hukumatining 2018-yil 3-maydagi farmoyishiga muvofiq, Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi Afshona qishlog‘ida xalq tabobati markazi, ekobog‘ (qishki bog‘), hovuz, milliy choyxona, tabiiy giyohlar, dorivorlar, alloma ijodi va tabobatga oid adabiyotlar savdo shoxobchasi, kutubxona hamda zamonaviy mehmonxonani o‘z ichiga olgan Abu Ali ibn Sino merosi majmuasi barpo etiladi.
Buxoro aeroporti va temir yo‘l vokzalidan Afshona qishlog‘iga xavfsizlikni ta’minlagan holda turistik avtobus, mikroavtobus va taksi xizmatlari tashkil etiladi.
Farmoyishda shuningdek, Abu Ali ibn Sino dovrug‘ini jahon miqyosida yanada keng targ‘ib qilish bo‘yicha muntazam ravishda xorijiy mamlakatlar, ayniqsa buyuk olim haykali o‘rnatilgan Fransiya, Avstriya, Belgiya, Turkiya, Eron va Tojikiston davlatlari delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish ham nazarda tutilmoqda.