Qozog‘istonda yuk mashinasi va avtobus to‘qnashuvi oqibatida ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi bilan birgalikda vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 3-may – Sputnik. Qozog‘istonning G‘arbiy-Qozog‘iston viloyati, Akjaik tumani, Lbiyensk qishlog‘i hududidan o‘tuvchi “Uralsk – Atirau” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan YTHda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston IIV Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasiga asoslanib O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Stavropol o‘lkasidagi YTHda to‘rt nafar o‘zbekistonlik qurbon bo‘ldi

Xabarda aytilishicha, 2-may kuni soat 02:39 larda “MAN” rusumli yuk avtomobili bilan “Setra” rusumli avtobus (avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan) to‘qnashgan. Hodisa oqibatida yuk avtomobili haydovchisi, 1978-yilda tug‘ilgan Olim Nematov (Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani, Furqat ko‘chasida yashagan) va avtobus haydovchisi, 1975-yilda tug‘ilgan Farid Gafurov Farid (birlamchi ma’lumotga ko‘ra, Samarqand viloyati, Samarqand shahrida yashagan) halok bo‘lgan.

“O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari birgalikda vafot etgan fuqarolar bo‘yicha ma’lumot ularning yaqin qarindoshlariga  yetkazildi”, — deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi bilan birgalikda vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar  rejalashtirilmoqda.