TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Xitoy Xalq respublikasida 27-aprel kuni bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida O‘zbekiston va Xitoy gilos yetkazib berish haqida kelishib olishdi, deb xabar qilmoqda elchixona matbuot xizmati.
Ushbu haftada “O‘zbekoziqovkatxolding” XXRdagi O‘zbekiston elchixonasida o‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarni taqdim etdi. Xolding vakili Dilshod Mullaboyev ekologik toza gilos yetishtirish va uni qayta ishlash haqida aytib berdi.
Ko‘rgazma yakunida xitoylik savdo korxonalari O‘zbekistondan UzAgro brendi ostida 5 ming tonna golos sotib olishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Shuningdek, Xitoy bojxona xizmatlari vakillari bilan hujjatlarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirishga kelishib olindi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistondan olib kelingan quritilgan mevalar, qandolat mahsulotlari va ichimliklar ham taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekoziqovkatxolding” AJ O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni UzAgro brendi ostida eksport qilish taklifi bilan chiqqan edi.