AQSh Federal tergov burosi O‘zbekistonda portlashlar bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazdi

Mashg‘ulotlarda AQShda sodir etilgan ikkita qo‘poruvchilik harakatlari fakti tahlil qilingan
Sputnik

TOShKENT, 28 apr — Sputnik. AQSh Federal tergov burosi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi vakillariga "Portlashdan keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish tartibi" mavzusida maxsus o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Mashg‘ulotlarning bir qismi interaktiv ma’ruzalar shaklida Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslarida o‘tkazildi, deb xabar qildai O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

Nyu-Jersining temir yo‘l stansiyasiga yaqin hududda portlash ro‘y berdi
Xabarda aytilishicha, xorijiy ekspertlar voqea joyini ko‘zdan kechirishga tayyorgarlikning xususiyatlari, portlovchi moddalar, ularning turlari va qo‘lbola portlovchi vositalarning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek portlash fakti bo‘yicha hamda portlash oqibatlarini aniqlash bilan bog‘liq tergov harakatlarini o‘tkazish, portlash yuzasidan tayinlanadigan ekspertiza turlari, portlovchi moddalarni qidirish va ularga baho berish tartibini tushuntirganlar.

Dala sharoitida 3 ta avtoulovni o‘quv maqsadlari uchun portlatish hamda voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayoni o‘tkazilgan.

Shu bilan birga ekspertlar tomonidan daliliy ashyolarni yig‘ish, namunalar olish va ularni ekspertizaga yuborish hamda amaliyotda mazkur tergov harakatlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda AQShda sodir etilgan ikkita qo‘poruvchilik harakatlari fakti tahlil qilingan.

"Umuman olganda, o‘quv mashg‘ulotlari portlashdan keyingi kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlarini o‘tkazishda dalillarni aniqlash va to‘plash uchun zaruriy bo‘lgan aniq bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratildi", — deyiladi xabarda.

Tadbir yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirilgan.