TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning miqyosi jihatidan muqobili yo‘q, deb ta’kidladi Toshkent shahrida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro anjumanda Federatsiya raisi Qudratilla Rafikov.
Nufuzli anjumanda O‘zbekistonda olib borilayotgan tizimli islohotlar har bir insonga, uning kundalik ehtiyojlarini hal etishga yo‘naltirilganligi bois, ro‘y berayotgan o‘zgarishlar O‘zbekiston xalqi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotganiga urg‘u berildi. Mamlakatda "Inson manfaatlari barcha narsadan ustun" degan oliyjanob g‘oyani hayotga tatbiq etishga, aholi farovonligini izchil oshirib borishga yuksak e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda yirik o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, Davlat rahbari tashabbusi bilan har bir inson va har bir oilaning hayotiy manfaatlariga daxldor bo‘lgan eng muhim ijtimoiy masalalarni hal etish uchun maqsadli dasturlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdilar.
Forumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yaqqol ko‘rsatib beruvchi qator raqam va faktlar keltirib o‘tildi. O‘zbekistonda olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida qishloq aholisi salmoqli yordam olish bilan birga turli imtiyozlarga ega bo‘layotani ta’kidlandi.
Xalqaro konferensiyada anjuman ishtirokchilariga Xalqaro Mehnat Tashkiloti Bosh direktori Gay Rayder va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Bosh kotibi Sharan Barrou tomonidan yo‘llangan videomurojaat namoyish etildi.
Anjuman ishtirokchilari mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlar har kuni va har qadamda yuz berayotganini, bugungi islohotlarning alohida xususiyati — ularning barcha jabha va sohalarni birdek qamrab olganida ekanligini ham alohida ta’kidlashdi. Mazkur yo‘nalishlardagi ishlar puxta o‘ylangan davlat dasturlari asosida hal etilayotgani e’tirof etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur lokal hujjatlarning barchasi xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlarni o‘z ichiga olgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari mazkur lokal hujjatlarga muvofiq: xodimlarning real daromadlarini bosqichma bosqich oshirish; mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini kengaytirish; ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillarini kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish ishlarida hamkorlik ko‘rsatmoqda.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturiy hujjatlariga ko‘ra, aholi ijtimoiy himoyatalab qatlamlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalashga ko‘maklashish, yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, imkoniyati cheklangan bolalar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, bandlikning noan’anaviy shakllarida mashg‘ul kishilar hamda ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasiga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘nalishlarida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Federatsiya faoliyati bugun birgina ish beruvchi va ishchi munosabatlari bilangina cheklanib qolayotgani yo‘q. Ta’bir joiz bo‘lsa, inson manfaati, uning yashash, mehnat qilish borasidagi huquqlarini ta’minlashning ko‘p qirrali jihatlarida kasaba uyushmalari bevosita ishtirokchi, o‘z so‘zi va o‘rniga ega tashkilotga aylanib ulgurdi.
Anjuman ishida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK), Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Umumevropa mintaqaviy kengashi, Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti rahbarlari, 30 dan ortiq mamlakatdan nufuzli xalqaro ekspertlar va yirik olimlar, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, horijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari mutasaddilari ishtirok etdilar.
Anjuman yauni bo‘yicha Toshkent Xalqaro konferensiyasi Rezolyutsiyasi qabul qilindi.