TOShKENT, 26 apr — Sputnik. "Artel", "Imzo" korxonalari muassisi Jahongir Abidovich Artikxodjayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlandi, bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
"2018 yil 26-aprel 15-00 da Toshkent shahar hokimligida bosh vazir ishtirokida navbatdan tashqari 35-sessiyada, Toshkent shahar hokimi lavozimiga Artikxodjayev Jahongir Abidovichning nomzodi ko‘rsatildi. Deputatlar ushbu nomzodni bir ovozdan tasdiqlashdi. Artikxodjayev Jahongir Abidovich Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi", — deyilgan xabarda.
Artikxodjayev Jahongir Abidovich 1957-yil 2-yanvarda Toshkentda tug‘ilgan. 1991-1996 yillarda Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. Mutaxassisligi iqtisodchi. 2015-yil "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan. Toshkent shahar "Artel Injiniring" MChJ direktori lavozimida ishlab kelgan.
Avvalroq, 2012-yildan beri Toshkent shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Rahmonbek Usmonov o‘z vazifasidan ozod etilgani, u Avtomobil transporti agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar bergandik.