O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqi e’tirof etiladi

Bu haqda prezidentning farmoni e’lon qilindi
Sputnik

TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkaziladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri davlat rahbarining e’lon qilingan farmoniga tayanib.

Hujjatga ko‘ra, 2019-yil 1-maygacha mazkur farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi ushbu obyektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga e’tirof etiladi.

Toshkent viloyatining ayrim hududlarida qurilish uchun yer ajratish vaqtincha taqiqlandi

Bunda quyidagi shartlarga rioya qilinishi lozim. Ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan bo‘lishi, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi darkor.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmaydigan aniq holatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha komissiyaning taqdimnomasiga ko‘ra tuman (shahar) hokimining qarori bilan amalga oshiriladi. Hujjatga ko‘ra. e’tirof etish eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yig‘im to‘langandan keyin amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda kadastr hujjati yo‘q uy-joy va yerlar to‘liq ro‘yxatga olinadi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishda mulkdorga u qurilgan yer uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilib, ortiqcha qismi Soliq kodeksining 121-moddasida nazarda tutilgan jarima solinmasdan zaxira yerlariga olib qo‘yiladi.

Farmonda bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagunga qadar sudlarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash bo‘yicha da’vo kiritishni to‘xtatib turilishini ta’minlash (qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashgan yer uchastkasida (uchastkaning bir qismida) qurilgan obyektlar bundan mustasno) nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, sudlarning turar joy sifatida foydalanilayotgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilayotgan da’volar hamda ijro qilinmagan qarorlari bo‘yicha belgilangan tartibda kelishuv bitimlari tuzilishini ta’minlash ko‘rsatilgan.