TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Endi majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq holat aniqlangudek bo‘lsa, bu prokuratura, huquq-tartibot organlari bilan birgalikda favqulodda holat sifatida ko‘rib chiqiladi, deb xabar berdi "Qalampir" nashri.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning yig‘ilishda ma’lum qilishicha, Mirziyoyev endi majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq holat aniqlangudek bo‘lsa, buni prokuratura, huquq-tartibot organlari bilan birgalikda favqulodda holat sifatida ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq bergan.
Bosh vazir bugungacha aniqlangan ko‘zbo‘yamachilik holatlari haqida gapirarkan, birinchi misol Qashqadaryo, Jizzax viloyatlaridagi holatga to‘xtaldi.
"Qashqadaryo viloyatiga ko‘cha yuzida issiqxonalarni tashkil etishda, Jizzax viloyatida kollej o‘quvchilarini tekstil fabrikasi xodimlari sifatida foydalanish holatlari yuz bergan. Bunday holatlar esa aholi o‘rtasida turli norozilik kayfiyatining kelib chiqishiga asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda".
Bosh vazirga ko‘ra, nafaqat o‘qituvchi va shifokorlar, hatto, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari ham majburiy mehnatga ham jismonan, ham moddiy jalb etilgan.
"Masalan, Andijon viloyatining Andijon shahri, Xo‘jaobod, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlarida ko‘cha tozalash, mahalalarni obodonlashtirish, daraxtlar ekish, ko‘cha va mahallalardagi chiqindilarni chiqarish va dala ishlariga maktab, maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar muntazam ravishda jalb etib kelinmoqda. Mazkur holatlar ayrim rahbarlar tomonidan nafaqat majburiy ishlatish, balki moddiy manfaatni ko‘zlab ham amalga oshirilmoqda.
Agar topshiriq bajarilmasa yoki bajarishni xohlamagan xodimlar bo‘lsa, ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitishgan.
Endi ayting, shuncha islohotlar amalga oshirilayotgan bir davrda o‘qituvchi, shifokorlar qachon o‘z ustida ishlaydiyu qachon o‘zi ishlayotgan markazda shu islohotlarni amalga oshiradi? Ko‘chaga olib chiqib ishlatgani yetmagandek, gul va darxt ko‘chalarining ustiga pul qo‘yib, uni budjet tashkilotlari xodimlarini olishga zo‘rlagani-chi?!
Xuddi shu kabi Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi bochg‘alar xodimlari ham shahardagi qabristonlarni obodonlashtirishga muntazam jalb etib kelinmoqda.
Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari esa o‘z hisoblaridan zarur vositalarni sotib olib, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni tozalashga jalb qilingan.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida ham maktabagacha ta’lim muassasalari xodimlaridan obodonlashtirishga ishchi kuchi yollash maqsadida pul yig‘ilayotgani bo‘yicha vazirlikka bir necha marotaba murojaatlar bo‘lgan".