Siyosatshunos Qodirov Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" anjumanini "Tolibon"ga rasmiy murojaat deya baholadi.
Toshkent anjumanida urush va buzg‘unchilik, olov iskanjasida qolgan Afg‘oniston xalqiga dunyo hamjamiyati tomonidan tinchlik qo‘li uzatildi.
Xususan, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Afg‘oniston urushining uch bosqichi haqida ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, O‘zbekiston prezidenti "urush olovi" afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirilgani, bu uning tanlovi emasligini ta’kidladi, Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev o‘z chiqishi davomida 20-yilda Afg‘onistonning 11 nafar rahbari — u qirol bo‘ladimi yo prezident yoki otib o‘ldirilgan yoki fitna va to‘ntarish natijasida o‘z lavozimidan ketganini eslatib o‘tdi.
Sharqshunos Qodirovga ko‘ra, 26-27 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjuman — o‘zbek diplomatiyasi jonlanganidan darak beradi. "Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar o‘z muammolari bilan andarmon bo‘lgan bir vaqtda O‘zbekiston tomonning ushbu tashabbusi — e’tirofga sazovor", — dedi u.
Shu bilan birga ekspert Ashraf G‘anining "Qobul jarayoni"da "Tolibon"ni siyosiy partiya sifatida tan olishi, ular bilan muloqot qilishga va kerak bo‘lsa pasport berishga tayyorligi, agar toliblar quroldan voz kechsa, mehnat qilishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishi haqidagi qarorini ijobiy baholadi.
Shennon agar "Tolibon" harakati vakillari muzokaralar stoli atrofida jamlanmasa, AQSh toliblar bilan kurashishni davom etishini ta’kidlagan edi.
"O‘zbekiston tomonning tashabbusi e’tirofga loyiq, bu shubhasiz. Tinchlik sulhini taklif etish uchun "Tolibon"ga shart qo‘ymanglar deb aytilayotgan va "Tolibon"dan ham shunday harakatlar kutilayotgan bir vaqtda oldindan shart e’lon qilish kerak emas. Hamma mamlakatlar ushbu anjumanda yordamga tayyormiz deb turgan vaqtda, AQSh zo‘rlik ishlatish bilan tahdid qilishi kerak emas", — dedi Qodirov.
Ekspert dunyo OAVlarining anjumanga reaksiyasida tanqidiy munosabatlar bo‘lmaganini, aksincha barcha ijobiy baholashganini ham qo‘shimcha qildi.
"Albatta, boshida barcha ekspertlarni qiziqtirgani kabi "Tolibon"ning anjumanga kelish-kelmasligi masalasi meni ham befarq qoldirmadi, "Tolibon"ning Toshkentga nega kelmasligi dunyo OAVlarida keng yoritildi, ammo Toshkent anjumani — bo‘lajak muzokaralar uchun maydon hozirlaganining o‘zi ham eng katta ish sifatida e’tirof etish shart".
Ekspert shuningdek, toliblar birlashmagan guruhlardan iborat harakat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Ekspert jurnalist bilan suhbatda Afg‘oniston aholisining to‘rtdan uch qismini yoshlar (taxminan 75%) tashkil etishini aytdi va ta’lim masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
"Nafaqat afg‘on yoshlarini, balki "Tolibon" harakati vakillarini ham o‘qitish kerak. Ularni oliygohlarga turli fakultetlarga joylash kerak. Balki o‘shanda urushlar barham topib, toliblar oilasi a’zolarida ham tirikchilikka umid paydo bo‘lardi. Tinchlik bo‘lgan joyda chet el qo‘shinlari nima qiladi? Ehtimol o‘shanda o‘n yillardan so‘ng Amerika ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketardi", — dedi Qodirov.
Ekspert qirq yoshga kirgan insonning qurol ushlashdan boshqa narsani bilmasligi(bu "Tolibon" harakatida keng tarqalgan holat)ni katta xavf deya baholadi. Va agar toliblarni O‘zbekistonga o‘qishga taklif etishadigan bo‘lsa, ularga o‘zlarining ona tilisida dars berishga tayyorligini ma’lum qildi.