TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashuvida Ostonada bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvi haqida fikr bildirdi.
"Bizning o‘z ichki muammolarimiz bor – iqtisodiyot, savdo, logistika va boshqa masalalar — bularning barchasini hal qilishimiz uchun imkoniyat bo‘ladi. Biz Markaziy Osiyo davlatlarining muammolarini yechish uchun uchinchi shaxslarni chaqirmaymiz. Biz muammolarimizni hal qilish, xalqlarimiz, munosabatlarimiz uchun sharoit yaratish maqsadida uchrashamiz, boshqa maqsadimiz yo‘q", — dedi Nazarboyev.
Eslatib o‘tamiz, bugun Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari – Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Mazkur shaklda uchrashuv o‘tkazish tashabbuskori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘lib, bu tashabbusni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qo‘llab-quvvatlashdi.