TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi — ikki mamlakat munosabatlarini tiklashda muhim qadam bo‘ldi. Ammo to‘liq normallashuv uchun tomonlar muloqotni davom ettirib, yon berishlarga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishlari zarur, deb hisoblaydi Rossiya Fanlar Akademiyasi MDH institutining O‘rta Osiyo va Qozog‘iston bo‘limi mudiri Andrey Grozin.
Ikki xil fikr bo‘lishi mumkin emas
Grozinga ko‘ra, Mirziyoyevning tashrifini, uning Tojikiston bilan munosabatlarni yaxshilash niyatini faqatgina olqishlash mumkin.
"Buni, shubhasiz, ijobiy fakt sifatida qabul qilish kerak — bu yerda ikki xil fikr bo‘lishi mumkinmas. Gap shundaki, munosabatlarda ancha cho‘zilib ketgan va o‘zaro norozilik, blokada, cheklovlar va boshqa oqibatlarni keltirib chiqargan tanaffus — bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ikki davlatning na iqtisodi, na jamoatchiligiga naf keltirmadi", — dedi ekspert RIA Novosti agentligiga.
"Tojikistonda yuz bergan fuqarolik urushi vaqtida shakllangan hamda xolis va noxolis bildirilgan noroziliklar, muammolar, o‘zaro tushunmovchiliklar, davolar, bir-birlarining manfaatlarini inobatga olmaslik singari holatlardan qandaydir yo‘l bilan chiqish kerak", — qo‘shimcha qildi Grozin.
Siyosatshunos o‘tgan yil Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi muvaffaqiyatli kechganini eslatib o‘tdi.
"Ikkala mamlakat ham hozirgacha yengil eyforiya holatida — ko‘plab ekspertlar o‘ta murakkab deya baholagan masalalarga yechim topildi. Men chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara rejimi, suvdan foydalanish va hokazolarni nazarda tutayapman. Shu bois, hozirgi tashrifdan ham xuddi shularni umid qilishmoqda", — qo‘shimcha qildi u.
Umidlar qopqoni
Shu bilan birga, ekspert, Mirziyoyevning Dushanbega tashrifidan so‘ng munosabatlarning izga tushib ketishida ko‘pam optimistlik qilish yaramaydi, deya ta’kidladi.
"Avval boshdan ikki davlat jamoatchiligi bu tashrifga juda katta umidlar bog‘lashdi — vizalar bekor qilinishi, iqtisodiy va logistik aloqalarning to‘liq tiklanishi, xullas, juda katta ishlar amalga oshirilishi kutilgan edi. Mening nazarimda, bir paytning o‘zida o‘n yilliklar davomida chigallashtirib kelingan bu singari muammolarni yechishning imkoni yo‘q", — davom etdi ekspert.
Grozin shuningdek, bunda ikkala davlatning ham kayfiyati muhimligini eslatib o‘tdi.
Ekspertga ko‘ra, agarda Toshkentning ijobiy qadamlariga nisbatan kutilgan, umid qilingan munosabat bo‘lmasa, bu ijobiy tashabbuslar "yoki so‘nib qolishi, yoxud kutilganidek shiddat bilan kechmasligi va kutilgan natijani bermasligi mumkin".
"Bunda Dushanbening ham kayfiyati muhim. Agar Tojikiston tomon o‘zini yutgan his etsa, u holda tomonlar namoyon etayotgan ijobiy impulslar yakuniy natijani bermasligi mumkin. Ikkala tomon ham o‘z yo‘lini bosib o‘tishi kerak, ikkala tomon ham sherigining manfaatlari va fikrlarini inobatga olishga va bu istaklarga tomon borishga tayyorligini ko‘rsatib berishlari kerak", — dedi Grozin.
Ekspert shu bilan birga, ushbu tashrifni shak-shubhasiz "munosabatlarni normallashtirish yo‘lidagi birinchi va juda muhim qadam sifatida" baholash kerakligini ta’kidladi.
Ochiq chegarasiz, qo‘shnilar bilan normal iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘ymay turib, qo‘shnilar orqali logistikani izga tushirmasdan — hech qanday liberal islohotlar hosil bermaydi. Shu bois O‘zbekiston to‘planib qolgan muammolarga yechim topishdan manfaatdor", — dedi ekspert.