TOShKENT, 12 mar — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot-xizmati Reyter agentligining Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro Toshkent anjumanida qurollangan afg‘on oppozitsiyasi, xususan "Tolibon" vakillarining ishtirokiga doir savoliga rasmiy javobni e’lon qildi.
"O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonidan tashkillashtirilayotgan yuqori darajadagi anjumanga BMT Bosh kotibi va tashkilotning Afg‘onistondagi maxsus vakili, Yevropa Ittifoqining xorijiy masalalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, shuningdek, Xitoy, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni, va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar muassasalari rahbarlari taklif etilganlar. Shuningdek, taklifnoma Qatarga ham yuborilgan", — deyilgan TIV xabarida.
Anjumanning boshqa ishtirokchilariga doir ma’lumotlar tez vaqtda ma’lum bo‘lishi qo‘shimcha qilingan.
"Tolibon" harakatiga keladigan bo‘lsak, anjuman ishida ularning ishtirok etishiga doir murojaat na Afg‘oniston TIV tomonidan, na ularning o‘zidan kelib tushmagan", — deyilgan TIV xabarida.