TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Dushanbe shahridagi "Qasri Millat" qarorgohida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon yakkama-yakka muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston rahbari taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki xalq ushbu uchrashuvni uzoq kutganini qayd etdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro qatnovi uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi.
Ikki mamlakat hukumatlariga o‘zaro savdo hajmini oshirish va uning tarkibini diversifikatsiya qilish masalalarini o‘rganish topshirildi. Foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga solish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi, turli qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, bugungi tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘ngra Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Unda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlari, chegaraoldi viloyatlari hokimlari ishtirok etdi.
Muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 240 million dollarni tashkil etgani qayd qilindi.
Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Ikki mamlakat bozorida xaridorgir mahsulotlarni yetkazib berishni ko‘paytirish, savdo-logistika tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, zamonaviy qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.
Transport va tranzit tashuvlari sohasi ham hamkorlikning strategik yo‘nalishidir. O‘zbekiston prezidenti bu boradagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini oshirish uchun birgalikda zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.
Mintaqa suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, shuningdek, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhoqama etildi.
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan munosabatlardagi dolzarb masalalar hal etildi.
"O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasi chizig‘ini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Tashrif doirasida shunga oid shartnomaning imzolanishi nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, balki butun mintaqa hayotida tarixiy voqea bo‘ladi", — deyiladi xabarda.
Fuqarolar bordi-keldisi uchun o‘ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, chegaradan o‘tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklangani, Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnov ochilgani ham hamkorlikning muhim amaliy natijalaridir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev prezident Imomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga davlat tashrif bilan kelishni taklif etdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2017-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Bu oxirgi 20-yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘zaro tovar yetkazib berish hajmi, xizmatlarni hisobga olmaganda, keyingi ikki yilda 10 marotabadan ortiq ko‘paydi.
O‘tgan yili mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasidagi aviatashuvlar, temir yo‘l qatnovi qayta tiklandi. Samarqand-Panjikent oralig‘ida A-377 xalqaro avtomobil yo‘li ochildi. O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasida o‘tkazish punktlari o‘z ishini tikladi.
O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi davom etmoqda.