TOShKENT, 7 mar – Sputnik. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Vazirlar Mahkamasining taaluqli qarori kuni-kecha qabul qilingan, deyilgan rasmiy xabarda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu qarorni qabul qilishda respublikada tibbiyot kadrlari yetishmovchiligi muhim rol o‘ynagan. Xususan Surxondaryo viloyatida bugungi kunda 2000 dan ortiq shiforkorga ehtiyoj bor. Ayniqsa QVP va oilaviy poliklinikalarda kadrlar yetishmovchiligi 50%dan ortiqni tashkil qiladi, deyilgan xabarda.
Ushbu o‘quv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga 300 nafar surxondaryolik yoshlar ajratilgan kvotalar asosida qabul qilindi. Eng quvonarlisi — ushbu talabalar bugungi kunda aniq maqsadi va ish joyiga ega. Chunki, har bir talaba viloyat xokimligi bilan kelishgan holda qishloq oilaviy poliklinikalari, kishloq vrachlik punktlarida ishlash uchun shartnoma imzolagan.
TTAning Termiz filiali eng so‘nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid barcha asbob-uskunalar — fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlangan. Oliy ta’lim dargohida tibbiyotga oid adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlangan axborot resurs markazi, turar joy va yotoqxonalar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy yopiq sport inshootlari barpo etilgan.
Shuningdek, yangi tibbiy oliy ta’lim muassasasiga Toshkent tibbiyot akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilari ham jalb qilinadi. Toshkent tibbiyot akademiyasining auditoriyalarida olib boriladigan ma’ruzalar va darslarni to‘g‘ridan- to‘g‘ri talabalarga namoyish etish imkoniyati yaratildi.
Yana bir qiziq tajriba – doimiy yashash joyi Surxondaryo viloyatida bo‘lgan, ayni damda respublikaning oliy tibbiyot ta’lim muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklida ta’lim olayotgan 4 – 5-bosqich talabalari ham o‘z xohishlariga ko‘ra, filialga davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi. O‘quv yurtini bitirgan barcha talabalar esa – kelgusida Surxondaryo viloyatidagi shifokorlar yetishmayotgan tibbiyot muassasalarida o‘n yil ishlab berishlari majburiy etib belgilangan.