TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Sputnik tahririyati xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar hayotidan hikoya qilishda davom etadi.
Bu safar, Rossiyaning Vladivostok shahrida mikro-kredit bankida ishlayotgan samarqandlik Firuza Rustamova qanday qilib musofirchilik hayotini tanlagani, boshidan o‘tgan qiyinchiliklar va o‘zining kichik bo‘lsa-da g‘alabasi haqida so‘zladi.
Firuza Rossiyaga kelmasidan avval O‘zbekistonda "Erudit" tahririyatida muharrir lavozimida ishlagan.
Musofirchilik boshlanishi
Agar 1,5 yil avval kimdir menga "Ishingni tashlab, Rossiyaga ketasan, hayoting tubdan o‘zgarib, musofirchilikni achchik-chuchug‘ini tatib ko‘rasan",- desa, u insonni telbaga chiqarib ko‘yishim mumkin edi. Lekin taqdir ekan, 2017-yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahriga keldim.
Kichik akam 2010-yildan buyon Vladivostok shahrida ishlab keladi. Gudakligidan ko‘tarib katta qilgan jiyanim Bobirjon ham aynan Vladivostok shahrida o‘qiydi. 2017-yilning yanvar oyida Samarqand shahridan shaxsiy market ochdik, ammo uni yuritishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib yurgan akam bevosita kerakligini anglab, vatanga qaytishga qistay boshladik. Lekin Bobirjon o‘qishi sabab Rossiyadan keta olmasligi bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Musofir yurtda jiyanimni yolg‘iz qolishini ko‘z oldimga keltirgan zahotimoq beihtiyor yo‘l tadorigini ko‘ra boshladim.
Avvaliga uncha sezilmagan ekan, samolyot chiptasi qo‘limga tegishi bilan ko‘nglim bo‘shab yig‘lab yubordim. Tug‘ilib-o‘sgan yurtim, ona shahrim, mahallam, xonadonim ko‘zimga juda boshqacha ko‘rinib ketgani esimda. Nazarimda bu yurtni tashlab ketsam, qayta ko‘rmaydigandek bo‘lardim, emin-erkin, o‘ynab-kulib katta bo‘lgan, kun sayin yashnab, dillarni yayratayotgan yurtimning hayotimda qanchalik muhim ekanligini o‘sha damlarda anglab yetdim.
Kindik qoni to‘kilgan yurt, ona vatan degan tushunchalar zamirida qanchalik teran ma’no borligini o‘shanda chuqurroq anglab yetganman desam, adashmayman.
Xullas, 2017-yil 5-mart kuni Vladivostok shahriga uchib keldim. Aeroportda kutib olishga chiqqan akam bilan jiyanimni izlab topguncha o‘tgan 10 daqiqa vaqt ichida begona yurtda yolg‘iz qolish dahshatini his kilishga ulgurdim.
Men 5-mart kuni kelgan bo‘lsam, akam 12-mart kuni O‘zbekistonga uchib ketdi. Akam bilan birga qaytib ketishni qanchalik istaganimni so‘z bilan ta’riflab berishim qiyin. Atigi 1 hafta ichida rus tuprog‘i o‘z yurtimning zarra gardiga arzimasligini anglab yetdim. Lekin oldimdagi mas’uliyat tufayli taqdir hukmiga bo‘ysunishdan o‘zga ilojim yo‘q edi…
Cheklanmagan muddatli ta’til
Bobirjon darsidan bo‘sh vaqtida shahar bilan tanishtirish barobarida kerakli hujjatlarimni rasmiylashtirib berdi.
Bir tanishimiz sizga ish topdim, deganida quvonganimni ko‘rsangiz edi. Bu yerda har qadamda Pit-stop (kichik tamaddixona) uchraydi. Ana shu pit-stoplardan biriga ishga kirdim. Kechga yaqin "ishxona"mga kirib kelgan Bobirimning qarashlarini eslasam haligacha kulgim qistaydi:
— Ie, ammajon, bu yerda nima qilyapsiz?!
— Ko‘rib turibsan-ku, ishlayapman, uyda o‘tirganim yetar, zerikib ketdim axir…
— Ammajon, bu yer siz ishlaydigan joy emas, sizni bunaqa ishda ishlashingizga yo‘l qo‘ymayman! Yig‘ishtiring hamma narsani, ketdik! O‘zingizga yarashadigan ish chiqsa ishlarsiz balki, lekin qora ish qilmaysiz! Shu bo‘yicha ishlashga qo‘ymadi, bolasi tushmagur. Ikki oycha uyda o‘tirgach, sekingina gap boshladim:
— Bobirjon, bu nima o‘tirish, axir uyda bekor o‘tirish uchun kelmaganman-ku, kelgan shuncha musofirlar binoyidek ishlashapti-yu?!
— Ammajon, sizni bobojonim bilan onajonim (Samarqandda buvijonni "onajon" deyishadi) puf-puflab ko‘z ustida ustirishgan, musofirchilikda ishlash siz o‘ylaganchalik oson emas. Birovlarning qo‘liga qarab mute bo‘lib ishlashingizni istamayman! Meni ishlaganim bir sizni boqishga bemalol yetadi, o‘ylanmasdan bemalol damingizni oling. Samarqandda bearmon ishlaganingiz yetar, endi sizga cheklanmagan muddatli "otpusk" belgilangan!
Yo ketaman, yo ish topib berasan
Shu taxlit, oktabr oyiga qadar majburiy otpusk kabilidagi "uy qamog‘i"da o‘tirdim desam, adashmayman. Yo ketaman, yo ish topib berasan deb kat’iy shart ko‘yganimdan keyin Bobirjon menga ish izlashga kirishdi.
Bir qarindoshimiz ushbu bankdan kredit rasmiylashtirgandi. O‘zbekistonga ketganidan keyin uning kreditini to‘lash uchun bankka bordim va menedjerlikka tanlov bo‘layotganligidan xabar topdim. Shu bankda ishlayotgan andijonlik Nargizaxonning taklifi bilan bank boshqaruvchisi Gulziraxonga uchrashdim va ishga qabul kilindim.
Shu bo‘yicha oktabr oyidan buyon Vladivostok shahridagi "Baybol" mikrokredit bankida menedjer sifatida ishlab kelyapman. Ishimiz juda qiziqarli. Vazifamiz asosan O‘zbekiston, Tojikiston, Kirg‘iziston hamda Rossiya fuqarolariga qisqa muddatli mikro-kredit rasmiylashtirishdan iborat.
Ish jarayonida turli yurtlardan kelgan musofirlarga moddiy yordam qo‘lini cho‘zamiz. Bizning bankimizdan olingan pullar evaziga musofirlar asosan hujjatlarini rasmiylashtirishadi, mavsumiy sharoitlarini yaxshilashadi, kredit summasi Vatanlarida uy qurish, to‘y qilish yoki biror kutilmagan holatlarda hojatlarini chiqarishda juda qo‘l keladi. Ish kunimiz Rossiya mehnat qonunchiligiga asoslangan holda besh kun ishlab, ikki kun dam olamiz.
Vatanimdan uzoqda bo‘lsam ham olis yurtlarda vatanim ravnaqi uchun xizmat qilayotganimdan juda xursandman. Chunki bizdan olingan kreditlar evaziga musofirchilikdagi ko‘pgina yurtdoshlarimiz to‘y qilishapti, uy-imoratlar qurib, mashina olishapti, yashash sharoitlarini unglab olishapti, yurtimizga valyuta kiritilyapti. Bunda mening ham hissam borligidan fahrlanaman!
Vatan, ona yurt sog‘inchi
Vatan deganda oilam ostonasi, mahallam, tug‘ilib-o‘sgan shahrim, ona yurtim bor go‘zalligi bilan ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Aslida balandparvoz so‘zlardan ancha yiroq insonman, lekin vatan uchun qancha xizmat qilsam shuncha oz, qancha qadrlasam, shuncha kam. Vatanni sevish, ardoqlashni o‘zi kamlik qiladi. Vatanga otam-onam qadar mehrim baland. Vatan qadri… bu tushunchani turli sabablarga ko‘ra vatandan uzoqlashgan, oz bo‘lsa-da musofirlik nonini totgan qora ko‘zlardan so‘rab ko‘ring. Vatan deganda vatanidan uzoq insonlarning ko‘zlarida chaqnaydigan uchqunni bir zumgina ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring…
Vatan sog‘inchi… bu jismingiz o‘zga yurtda bo‘lsa-da, ruhingizning tug‘ilib o‘sgan tuproqqa talpinib turishi, xayolan, fikran vatan bilan hamnafaslik, yaxshi kunidan quvonib, bulutli kunlaridan tashvishlanish hissi…
O‘zbekiston degan so‘zni eshitganda yurakning sekingina entikib qo‘yishi, olis yurtda bir kalom o‘zbekcha so‘z eshitganda sekingina hapkirib qo‘yish… uyquga ketish oldidan bolalikning olis ko‘chalariga hayolan sayr qilib, o‘sha beg‘ubor kunlarni qo‘msash, ostonaga qaytish ishtiyoqi, vatanning bir kaftgina tuprog‘iga bo‘lgan e’zoz… umuman so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan noyob, inja tuyg‘ular tajassumi.