Samarqand viloyatidan Tojikistonga o‘tish mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston Tojikiston bilan chegarada o‘tkazish punktlari faoliyatini tiklaydi, shuningdek, yangi o‘tkazish nazorat punktlari ochiladi hamda temir yo‘lda ham o‘tkazish punkti tashkil etiladi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekiston hukumati o‘zbek-tojik davlat chegarasida ayrim o‘tkazuv punktlari faoliyatini tiklash bo‘yicha qaror qabul qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekiston va Tojikiston chegaralaridagi "Karimov devori" buzib tashlandi
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqtlarda Samarqand viloyatidagi "Jartepa", Jizzax viloyatidagi — "Qushkent" va "Uchturg‘on", Sirdaryo viloyatidagi — "Xovostobod", Toshkent viloyatidagi — "Bekobod", Namangan viloyatidagi — "Pop", Farg‘ona viloyatidagi — "Ravot", Surxondaryo viloyatidagi — "Gulbahor" avtomobil o‘tkazish punktlaridagi infratuzilmalarni yaxshilash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, hukumat Amuzang temir yo‘l o‘tkazish punkti infratuzilmasini tartibga solishni rejalashtirmoqda.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" kompaniyasiga 1-mart sanasiga qadar "G‘alaba — Xoshadiy" temir yo‘l uchastkasining O‘zbekistondagi qismini qayta ta’mirdan chiqarish hamda bu yerda o‘tkazuv punktini jihozlash topshirig‘i berilgan.

Yana bir muhim xabar — Samarqand viloyatida yangi o‘tkazish punkti paydo bo‘ladi. U Urgut tumanining Jartepa poselkasida joylashadi.