TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekistonning Samarqand viloyati bilan Tojikistonning So‘g‘d viloyatini bog‘lab turuvchi "Sarazm-Jartepa" nazorat-punktidagi katta devor buzib tashlandi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
Tojikiston davlat hokimiyati vakillarining qayd etishicha, mazkur punktda terminal, mehmonxona va avtoturargoh barpo qilinadi.
Panjikent tumani Sarazm qishlog‘ida yashovchi Osim Jamolovning aytishicha, mahalliy aholi chegaradagi o‘zgarishlarni bir-biriga qo‘shni ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yanada yaxshilanib borayotganining yana bir tasdig‘i deb biladi.
Tojikistonlik jurnalist Shohin Ravshan esa ayni paytda Panjikentda Navro‘z bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidlar ekan, bayram tadbirlarida O‘zbekistondan delegatsiya tashrif buyurishi ham kutilayotganini e’tirof etgan.