Endi xonandalar yotoqxona va boshqa xosxonalarda yonboshlab qo‘shiq aytmaydi

"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash badiiy Kengashining xulosasini olish tartibiga eslatma berildi
Sputnik

TOShKENT, 8 fev – Sputnik. "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash badiiy Kengashining xulosasini olish tartibiga eslatma e’lon qilindi.

"So‘zning mohiyatini anglamaydilar": Madaniyat vaziri xonandalarni tanqid qildi

Unga ko‘ra, Kengash qo‘shiqlar va ularga ishlanadigan videokliplar saviyasini baholashda va litsenziatlarning arizalarni ko‘rib chiqishda qo‘shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g‘oyaviy-badiiy darajasiga, taqdim etilgan repertuarning milliy an’analarga va umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqligiga hamda qo‘shiqlar va ularga ishlangan va ishlanadigan videokliplar (ssenariysi)da Vatanga sadoqat, sevgi, muhabbat va insoniylik singari ezgu g‘oyalar aks etganligiga e’tibor qaratadi.

Litsenziatning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi, axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi asarlari ma’qullanmaydi.

Eslatmada ko‘rsatilishicha, klipda umuminsoniy va milliy madaniyatga zid bo‘lgan, nojoiz hatti-harakatlar, turli g‘oyaviy tahdidlar aks etmasligi lozim. Jumladan, giyohvandlik, spirtli ichimliklar targ‘iboti, qonli, terroristik hatti-xarakatlarni targ‘ib qiluvchi, urush va qo‘poruvchilikka mayl uyg‘otuvchi tasvirlar, dinlar va millatlar aro nifoq, ziddiyat uyg‘otuvchi unsurlar, davlat ramzlari (gerb, bayroq, Prezident) tasviridan nojoiz, noo‘rin foydalanish mumkin emas.

"Lik-lik" - xalq artisti": ijodkor ziyolilar davrasida Mirziyoyev aytgan yorqin jumlalar

Shuningdek, turli firma, kompaniyalar hamda ularning mahsulotlarini oshkora va yashirin reklama qilish, yotoqxona va boshqa xosxonalarda xonandalarning yonboshlab, o‘zbekona odob qoidalariga zid holatda qo‘shiq kuylashi, ommaviy madaniyatga xos tarzda ochiq-sochiq, yirtiq-yamoq, yarim-yalang‘och kiyinish holatlari, shahvoniy hirs va behayolikni, yengil-yelpi hayotni targ‘ib qiluvchi ohang va tasvirlar aks etmasligi lozim.

Bundan tashqari, tana a’zolariga tushirilgan turli tatuirovka va "naqsh"larni ko‘rsatish, erkak xonandalarning ayollar kabi kiyinishi, bezanishi, har xil ziraklar taqishi va shunga o‘xshash nomunosib holatlar, qo‘shiq matni va mazmuniga hech qanday aloqasiz ravishda, faqat qimmatbaho mashinalaru qasrday uylarni, yarashiqsiz zebu ziynatlarni ko‘rsatib ko‘z-ko‘z qilish, muqaddas qadamjolar, tabarruk yodgorliklar, qutlug‘ merosimizga nisbatan hurmatsizlik qilingan holatlar va o‘zbekona urf-odatlarga yot, o‘rinsiz va beo‘xshov harakatlar nojoiz hisoblanadi.

Eslatma izohida bildirilishicha, qo‘shiq matnidan kelib chiqqan holda foydalanilgan, ezgu g‘oyalar targ‘ibotiga xizmat qiluvchi salbiy obraz va holatlar, agar maqsad amalga oshgan bo‘lsa, Kengash tomonidan rad etilmaydi.