TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Farg‘ona viloyati hokimligi viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning Aqto‘bedagi fojeadan so‘ng o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilgan va ommaviy axborot vositalarida tarqab ketgach, katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan "nutqi"ga aniqlik kiritish maqsadida rasmiy murojaat e’lon qildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Jurnalistlarga atalgan murojaatnomaga sarlavha tarzida o‘zbek klassik yozuvchisi Abdulla Qodiriyning "O‘tgan kunlar" romanidan jumla tanlangan — "Har narsaga yetgan aqlingiz shunga qolganda oqsaydur…".
Matbuot-kotib o‘z murojaatini kirish qismida "Aqto‘be viloyatidagi fojea butun xalqni, musulmonlarni, barcha do‘stlarni, ko‘pchilikni kattiq qayg‘uga solganini alohida ta’kidlab o‘tgan.
Men bu fikrlarni avvalo viloyatning oddiy fuqarosi va fikrlarimni o‘qib bo‘lib, oxirida bunga ko‘nmaydiganlar uchun esa viloyat hokimligining matbuot kotibi sifatida ham bildirmoqdaman.
… 2018-yil 18-yanvar kungi Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyatidagi fojea butun xalqimizni, musulmonlarni, barcha do‘stlarni, ko‘pchilikni kattiq qayg‘uga soldi. Oddiy insondan tortib mutasaddi rahbarlargacha, fojeadan xabardor bo‘lgan har bir odam o‘z dunyoqarashi bilan, ta’bir joiz bo‘lsa ilmi bilan unga o‘z munosabatini bildirdi, o‘ziga yarasha xulosalar chiqara boshladi.
Bu voqeaning yuz berishiga oid turli sabablar haqida ham hammada turli xil fikrlar bo‘ldi. Aksariyatimiz albatta, taqdiri ilohiy degan muqaddas e’tiqodimizga tayanib tasallini shundan topdik. Zero, hech bir Allohning sinovi behikmat emasligiga haqiqiy musulmonlarning iymonlari komil", — deyiladi murojaatda.
Namangan 31 o‘g‘lonidan ayrildi…
"23 yanvar, seshanba kuni tongda Namangan xalqaro aeroportiga Aqto‘beda halok bo‘lganlarning tobuti ortilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi samolyoti kelib qo‘ndi. Samolyotda fojea qurboni bo‘lgan 31 nafari Namangan, 16 nafari Farg‘ona va 2 nafari Andijon viloyati fuqarolarining jasadlari keltirildi. Aeroportda uch viloyat hokimlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari hozir bo‘ldi. U yerdan nari tobutlar viloyatlarga olib ketildi. Shu kuni janoza namozlari o‘qildi…
Yuqorida hamma o‘ziga yarasha xulosalar chiqara boshladi dedik. Lekin xulosa chiqarib hamma ham o‘zini to‘g‘ri isloh qilishni boshladimi?
Aytaylik, kimdir oddiy mo‘min banda sifatida ba’zi ma’siyatlariga astoydil tavba qilib bir kun kelib hayotdan ko‘z yumishini va bu ma’siyatlariga javob berishini o‘ylab, buni qaytarmaslikka ahd qildimi?
Yoki mas’ul rahbar bo‘ladimi, mutaxassismi, o‘qituvchimi, iqtisodchimi, har bir davlat xizmatchisi davlatimiz rahbariga o‘xshab o‘zini aybdor his qila oldimi, aybdor his qilgan bo‘lsa ham biron bir o‘zgarish qilishga, qat’iy bir qaror qabul qilib, biron bir ish qilishga kirishdimi? "Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart" degan qoidani o‘ziga to‘g‘ri qabul qildimi? Hammaning bunga beradigan javobi avvalo o‘z vijdoniga havola.
Men bir narsani aniq ayta olamanki, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Toshloqlik ushbu fojea qurbonlariga o‘z farzandiga, o‘z jigariga kuygandek qattik alamda, o‘zini ham aybdor his qilayotgani aniq!"
"Shu bilan birga yig‘ilishda aytgan hamma fikrlari aslo xalqini mensimaslik, Toshloq ahlini yomon ko‘rish ham emas. Mutlaqo aksincha, nima qilib bo‘lsa ham shunday holat, shunga o‘xshash holat yana takrorlanmasligi uchun hammani hushor bo‘lishga chaqirish, mas’uliyatni eng katta darajaga oshirish, o‘zini ham ayab o‘tirmay jon kuydirayotgani bu! Ko‘pxotinlik qilayotgan, xotinlarini qo‘yvorib, bolalarni tirik yetim qilib, alimentini to‘lamayotganlarni, yoki bo‘lmasa, ichki ishlar hodimlarini nohaq bo‘la turib toshbo‘ron qilganlarni qaysi birining haqqiga kim iliq gap ayta oladi o‘zi!!! Bu yerliklarning Xajga borishni taqiqlayotgani sababi ortida nima maqsad borligini, "undan ko‘ra chetga chiqib ketishga majbur bo‘layotgan muhtojlarga ber shu pulingni" demoqchi bo‘lyapti deb tushunib etganlar ham bormi o‘zi?"
Shuningdek, jurnalistlar tanganing ikkinchi tomonini unutib qo‘yishgani iddao qilingan.
"Ko‘pam xayrli niyatda bo‘lmagan, yashirincha ko‘chirib olingan audioyozuvni eshitib olib, islom dinimizda ham aksariyat hollarda alohida shaxslarga, alohida holatlardan kelib chiqib hukm chiqarishga to‘g‘ri keladigan masala bo‘lishi mumkinligini ham ehtimolini olib o‘tirmay nima qilishini bilmay o‘tirgan biz qalami o‘tkirlar gursillatib toshbo‘ronni boshlab yubormasdan, tanganing ikkinchi tomonini ham hisobga olsak, sal insof qilsak bo‘lar edi.
Viloyat hokimi achchiq so‘zlar deb haqiqatan ham butun Toshloq ahlini aytayotganiga ishonchingiz komilmi o‘zi? Nahotki inson butun boshli vatandoshlarini shunchalik yomon ko‘rib, o‘zining butun xalqini haqorat qilishi mumkin deb o‘ylaymiz…
Yo‘q. Bu yerda gap faqat va faqat o‘z vazifasiga noloyiq, o‘z burchini talab qilinayotgan darajada bajarmay, egallab turgan mansabini, olayotgan maoshini oqlay olmayotganlar haqida, egasini topib olishi lozim bo‘lgan, ayrim ma’naviyati buzuqlar haqida ketayotganini ichimizda ko‘pchiligimiz bilib ham turibmiz…
Yana bir fikr ham bor: aslida kim kafolat bera oladi maqola yozayotgan mualliflarning fikri tiniqligigayu, ko‘rib gaplashib ko‘rmagan odami haqidagi chiqarayotgan xulosasi adolatligigayu, yoki "fursati keb qoldi, qandingni urib qol" deb, xalqni bir "yevropacha"ilg‘orlikka chorlab, gij-gijlamoqchi emasligiga?
Matbuot-kotib xulosa chiqarishga chaqirdi
Yoki bo‘lmasa shu kungacha viloyat hokimligidagi olib borilayotgan bunyodkorlik, rivojlanish masalalari, yuzlab katta tadbirlar, amaliy ishlar to‘g‘risida biron marta ma’lumot so‘rab qiziqmagan, lekin bir o‘ziga yoqadigan gapni eshitib qolib, idoraning istalgan bo‘limlariga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar qilib "xolisona" axborot tarqatuvchi markazlarning ko‘rinib turgan ayyorona berayotgan savollari, harakatlaridan ham xulosa chiqarib, mavzuga chuqurlashishni to‘xtatsak bo‘lar?
… Rahbar ham oddiy bir inson. Alamda qolgan har qanday inson singari u ham qizishib alamini kimdandir olgisi keladi yoki o‘zidan tashqari ham aybdor deb bilgan odamiga tushuntirib qo‘ymoqchi bo‘lishi ham mumkin. Lekin fursat o‘tib alam ustida aytilgan gaplarni bir chetga surib, har bir ishni o‘z qonun-qoidalariga ko‘ra amalga oshirish kerakligini ham tan oladi.
So‘nggi fikr. Mamlakat rahbari ham uzoq vaqtdan buyon ayrimlarga qilayotgan ishlari yoqmasa ham, lekin belgilangan vazifalarni bor kuch-imkoniyati, butun vujudi bilan bajarib, sidqidildan, o‘zini ayamay ishlayotgan, ko‘pchilik ham bilavermaydigan qiyinchiliklarni boshidan kechirib, viloyat erishayotgan yutuqlarga sabab bo‘layotgan aynan shu inson bilan shuncha vaqtdan beri birga ishlab, mazkur vazifada mehnat qilishiga hayrixoh bo‘lib kelayotgani behikmat emasligi haqida ham o‘ylab ko‘rsak yomon bo‘lmasdi…
Zero, Sadriddin Salim Buxoriy aytganlaridek,
Illat izlaganga illatdir dunyo,
G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.
Kim neni izlasa, topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.
Abdulazizxon Abdasov viloyat hokimligi axborot tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi-matbuot kotibi".