TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, "Qizil kitob"ga kiritilgan noyob jonivorlarning nobud qilinishi oqibatida hayvonot dunyosiga jami 258 million 360 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston noyob jonivorlar-sayg‘oqlar va jayronlar saqlanib qolgan dunyoning besh mamlakatidan biridir.
Jayron O‘zbekiston"Qizil kitobi"ga kiritilgan bo‘lib, uni O‘zbekistonda ovlash taqiqlangan.
2018 yil 20-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioinspeksiyaning hududiy inspeksiyalari inspektorlari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan hamkorlikda Taxtako‘pir tumani "Kitay-kozgan" kollektori hududida tezkor reydlar olib borildi, deb xabar beradi qo‘mita matbuot xizmati.
Turiniyoz Nurabullayev, Sidilla Arimbetov, Atamurat Berdiyarov, Salomat Iskandarov boshqaruvida bo‘lgan "UAZ-469"rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda ov quroli bilan otilgan 20 bosh yovvoyi jayron olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.