TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Ushbu farmon to‘liq matni Hukumat portalida berilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi rivojlanishini tahlil qilish natijalari tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtojligini ko‘rsatgan.
Farmon talablariga muvofiq, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta ta’lim uzluksiz va bepul 11-yillik ta’lim negizida amalga oshiriladi.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosda, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2-yilgacha bo‘lgan ta’lim muddatlarida amalga oshiriladi.