Xotin-qizlar qo‘mitasi aralashuvi tufayli samarqandlik ayol sud zalida ozodlikka chiqarildi

Ishtixon tumanidagi Bog‘ixon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bekmirza Sindorov va hududiy profilaktika noziri Bobur G‘aniyev ayblanuvchiga murabbiy etib biriktirildi hamda doimiy nazoratga olinishi belgilandi
Sputnik

TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan samarqandlik ayol Xotin-qizlar qo‘mitasi aralashuvi tufayli qamalmay qoldi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot-xizmati.

Mirziyoyev Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Norboyevani qattiq tanqid qildi
Xabarga ko‘ra, 2017-yilning iyul oyida Ishtixon tumanidagi Bog‘ixon mahallasi Qoraqiya qishlog‘ida yashovchi Karima Bekmirzayeva qo‘shnisi Gulmira Sanaqulova bilan tomorqani sug‘orishda foydalanadigan suv shlangi ustida tortishib qoladi. Jahlini jilovlay olmagan Karima qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan qo‘shnisiga tan jarohati yetkazib qo‘yadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudi K.Bekmirzayevani O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topadi va unga 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilanadi.

Karima Bekmirzayeva sud hukmidan norozi bo‘lib, appelyatsiya tartibida shikoyat beradi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazadi. Shu jarayonda jinoyat sodir etgan fuqaro yashaydigan mahalladagi faollar, ko‘shnilar, qarindosh-urug‘lari bilan suhbatlar o‘tkaziladi. Natijada u yaxshi oila bekasi, voyaga yetmagan ikki nafar bolaning onasi ekanligi aniqlanadi.

17 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining appelyatsiya instansiyasi sudlov hay’atida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi rahbarligida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, "Oila" ilmiy-amaliy markazi, musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, "Onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash markazi" hamda bosh otinoyi ishtirokida Karima Bekmirzayevaning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Zafar Fayziyev raisligida qayta ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonlik xotin-qizlar masalasi Alla Pugachovaning qo‘lidami?
Sud majlisida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi so‘zga chiqib, K.Bekmirzayevaning muqaddam sudlanmaganligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini va u o‘z qilmishidan chin dildan pushaymon ekanligini ta’kidladi. Barcha olingan ma’lumotlarni inobatga olib, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining appelyatsiya instansiyasi sudlov hay’atidan K.Bekmirzayevani sodir etgan jinoyatini qonunda belgilangan tartibda yengillashtirishni so‘rab, kafillikka olishini bildirdi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, sud belgilangan jazo muddatini shartli jazoga aylantirib, Karima Bekmirzayevaga 3-yil sinov muddati belgilandi va u shu kunning o‘zida sud zalidan ozodlikka chiqarildi. Shu yerda o‘zaro ziddiyatga borgan qo‘shnilar yarashtirildi.

Ishtixon tumanidagi Bog‘ixon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bekmirza Sindorov va hududiy profilaktika noziri Bobur G‘aniyev ayblanuvchiga murabbiy etib biriktirildi hamda doimiy nazoratga olinishi belgilandi.