Mirziyoyev Internet narxini arzonlashtirish va tezligini kamida 4 barobarga oshirishni buyurdi

"Milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat "Telegram"da yozishma uchun foydalanadi, xolos", dedi Shavkat Mirziyoyev
Sputnik

TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. 9-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda prezident axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ko‘rsatkichda ekanligini qayd etdi.

O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha jahonda 178-o‘rinda qayd etildi

Qayd etilishicha, axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada – 9 foiz, Yaponiyada – 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda – 4,7 foiz, O‘zbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingdagi 176 ta mamlakat ichida O‘zbekiston 95-o‘rinni egallagani isbotlab turibdi.

Yig‘ilishda Internet tarmog‘iga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy ta’minot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish, "Elektron Hukumat" tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

"Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat "Telegram"da yozishma uchun foydalanadi, xolos", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda MDH davlatlari bo‘yicha Internetning o‘rtacha tezligi O‘zbekistondagidan 10-marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yo‘llarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani ta’kidlandi.

Sifatsiz internet va mobil aloqa uchun operatorlar jarimaga tortiladi

Mutasaddilarga Internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriq berildi.

"Xavfsiz shahar" yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyihaning konsepsiyasiga ko‘ra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq kameralar o‘rnatish, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va Situatsiya markazlarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, "Xavfsiz turizm", "Xavfsiz hudud", "112" tizimi, oliy ta’lim muassasalariga imtixon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda "Xavfsiz hudud" va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

"2018-2021 yillarda "Elektron Hukumat" tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi"ni ishlab chiqish, "Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi" rezidentlari tomonidan ko‘rsatiladigan ishlar va xizmatlar hajmini kamida 2 barobarga hamda eksport hajmini 1,8 barobarga oshirish, rezidentlar uchun chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zbekistonda Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etildi

Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obro‘li 1 000 universitet safiga kiritishni ta’minlash, sohada jahonda yetakchi bo‘lgan universitet va kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijiy stajirovkasi va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi, mutasaddilarga dunyoning yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korporatsiyalar bilan tenglasha oladigan milliy operatorimiz va dasturchilarimizning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda "O‘zbektelekom" kompaniyasining ishlash samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon so‘zlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan subyektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib, yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.