Toshkentda yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishning yangi modeli taqdim etildi
11:58 28.11.2026 (yangilandi: 12:07 28.11.2026)

© Investitsiyalar vazirligi
Obuna bo‘lish
Umumiy qiymati 50 mln dollardan ortiq sarmoya kiritayotgan investorlar uchun maxsus huquqiy rejimi joriy etildi.
TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Toshkentda yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishning yangi investitsiyaviy modeli taqdim etildi.
"Davlat – investitsiyaviy sherik" tamoyili asosida joriy etilayotgan yangi tizim, yer uchastkasi ajratilishidan obektlar foydalanishga topshirilguniga qadar barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlash, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish hamda iqtisodiyotning o‘zaro bog‘liq tarmoqlari, jumladan, qurilish, savdo, turizm, transport va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojini rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Shu maqsadda Yangi Toshkent shahri va Samarqanddagi “Shirin” massivida qiymati 50 mln dollardan boshlanadigan to‘qqiz toifadagi shaharsozlik loyihalari uchun “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etildi.
Bunda asosiy yangiliklardan biri — yer uchastkalarining qurilishga tayyor holda, muhandislik tarmoqlariga ulanish bo‘yicha oldindan belgilangan texnik shartlar bilan taqdim etilishidir.
Shuningdek:
Investorlarning tashabbuslari asosida raqobatli tanlov o‘tkazish imkonini beruvchi Swiss Challenge mexanizmi joriy etilmoqda.
Bunda, investitsiya hajmiga qarab yerning boshlang‘ich narxi kvadrat metriga 1 dollargacha pasaytiriladi. Bo‘nak to‘lovini 10 foizgacha kamaytirish va qolgan mablag‘ni qurilish davridan oshmagan holda yetti yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan.
Obyekt foydalanishga topshirilgach, qonunchilikda ruxsat etilgan hollarda yer uchastkasiga mulk huquqi yoki keyinchalik uzaytirish sharti bilan 49-yilgacha ijara huquqi yer uchun qo‘shimcha haq to‘lamasdan rasmiylashtiriladi.
Infratuzilma xarajatlariga doir to‘lovlar bir yoqlama amalga oshirilganda 20 foiz chegirma beriladi.
Investitsiya hajmi kamida 50 mln dollar bo‘lgan loyihalar bo‘yicha 20-yil muddatga yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod etish nazarda tutilgan.
Mehmonxonalar qurilishida har bir xona uchun uch yulduzli mehmonxonalarga 40 mln so‘m, to‘rt va besh yulduzlilariga 65 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.
Xorijiy investorlar uchun qonunchilikdagi investitsiya sharoitlarini yomonlashtiruvchi o‘zgarishlardan o‘n yillik kafolat belgilangan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi investitsiya loyihalarini muvofiqlashtiruvchi operator etib belgilangan. Har bir investorga alohida loyiha menejeri biriktiriladi, murojaatlar raqamli tizimda individual raqam berilgan holda ro‘yxatga olinadi, qurilish jarayoni esa real vaqt rejimida kuzatib boriladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 10-noyabrdagi "Yangi Toshkent shahri va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-243-son Farmoni qabul qilingan edi.
Bugungi kunda Yangi Toshkentda umumiy qiymati 7,18 mlrd dollarga teng 20 ta yirik loyiha bo‘yicha investorlar bilan ish olib borilmoqda. Ular 339 gektar hududni qamrab olgan bo‘lib, umumiy qurilish maydoni 5,8 mln kvadrat metrni tashkil etadi. Shundan qiymati 5,8 mlrd dollarlik 12 ta loyiha 11 ta xorijiy davlat investorlari, qiymati 1,37 mlrd dollarlik yana sakkizta loyiha esa mahalliy tadbirkorlar ishtirokida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Auksionlar uchun umumiy qiymati 728 mln dollar bo‘lgan qo‘shimcha 17 ta lot tayyorlangan.