Ayrim yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qamoq jazosi kiritilmoqda

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Mast holda mashina boshqarish yoki voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini berish uchun qamoq jazosi joriy etilmoqda.
TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Ayrim yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qamoq jazosi joriy etilmoqda.
Bugun Senatning 21-yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Unda quyidagi o‘zgarishlar kiritilgan:
Mast holda transport vositasini takroran boshqarganlik uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. 2024-yilda bunday 11 994 ta, 2025-yilda esa 13 521 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.
Voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilsa, turli jazolar, jumladan, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuz berganda esa uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilmoqda. Ma’muriy tartibda esa 50 BHM jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llash jazosi belgilanmoqda. 2025-yilda 14 yosh va undan kichik yoshdagi shaxslar ishtirokida 168 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Tezlikni oshirganlik uchun jarimalar oshirilmoqda. Xususan 40 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 25 BHM, 60 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 45 BHMgacha jarima, 80 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun esa 65 BHM jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan olti oyga mahrum qilish belgilanmoqda. 2026-yilning dastlabki 9 oyida tezlikni soatiga 40–60 kilometrga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta holat qayd etilgan.
Yo‘l bezoriligi va noqonuniy avtomobil poygalari va boshqa transport vositalariga to‘sqinlik qilgani uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. 2025-yilda 604 ta, 2026-yilning dastlabki 9 oyida 572 ta yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq huquqbuzarlik qayd etilgan.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning maqsadi faqat jazolarni kuchaytirish emas, balki xavfli qoidabuzarliklarning oldini olish, haydovchilar mas’uliyatini oshirish va eng muhimi, yo‘llarda insonlar hayotini asrashdan iborat.