Mirziyoyev eng nufuzli musulmonlar orasida 40-o‘rinni egalladi

© O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev Ka’batullohni ziyorat qildi
Shavkat Mirziyoyev Ka’batullohni ziyorat qildi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.11.2026
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev The Muslim 500 reytingida ilk bor 40-o‘rinni egalladi. Nashrning davlat rahbarlari va siyosatchilar ro‘yxatida esa 18-o‘rinda qayd etildi.
TOShKENT, 12 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun tuzilgan dunyoning 500 nafar eng nufuzli musulmoni reytingida 40-o‘rinni egalladi. Ro‘yxat Iordaniyadagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi (RISSC) tomonidan tayyorlangan The Muslim 500 nashrida e’lon qilindi.
Mirziyoyev avvalgi yillarda ham mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan. Biroq 2024–2026 yilgi nashrlarda u aniq o‘rinlar belgilanmagan 450 nafarlik ro‘yxatda edi. 2027-yilgi reytingda esa ilk bor eng nufuzli 50 musulmon qatoriga kirdi.
Nashr mualliflari O‘zbekiston prezidentining faoliyatini bir nechta yo‘nalish bo‘yicha baholagan.
Xususan, valyuta islohoti, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish va paxtachilikda tizimli majburiy mehnatga barham berilishi qayd etilgan.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Islomiy va madaniy merosni asrash borasidagi ishlar, jumladan, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda diniy-ma’rifiy tadqiqot muassasalarini rivojlantirish ham prezidentning nufuziga ta’sir qiluvchi omillar sifatida ko‘rsatilgan.
Reytingda kimlar yetakchilik qilmoqda?
2027 yilga mo‘ljallangan reytingda birinchi o‘rin ilk bor besh nafar shaxsga birgalikda berildi. Ular Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va feldmarshal Osim Munir, shuningdek, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘andir.
Keyingi o‘rinlarda:
4-o‘rin — Eron oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy;
5-o‘rin — Iordaniya podshohi Abdulloh II;
6-o‘rin — Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy;
7-o‘rin — pokistonlik diniy olim Muhammad Taqiy Usmoniy;
8-o‘rin — yamanlik diniy arbob Umar bin Hafiz;
9-o‘rin — Al-Azhar bosh imomi Ahmad at-Tayyib;
10-o‘rin — mavritaniyalik islom olimi Abdulloh bin Bayya.
Markaziy Osiyodan yana kimlar kirgan?
500 nafarlik ro‘yxatda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, taniqli qozog‘istonlik xonanda Dimash Qudaybergen hamda Tojikiston ulamolar kengashi raisi, muftiy Saidmukarram Abdulqodirzoda ham bor.
Ular eng nufuzli 50 talikka emas, balki turli sohalar bo‘yicha tuzilgan umumiy ro‘yxatga kiritilgan.
Reytingda dunyoga mashhur sportchilar va san’atkorlar ham o‘rin olgan. Jumladan, misrlik futbolchi Muhammad Saloh 39-o‘rinni egallagan. Habib Nurmagomedov, Lamin Yamal, Arda Guler, Shohrux Xon va mashhur bloger Xabi Leym ham 500 nafarlik ro‘yxatdan joy olgan.
The Muslim 500 qanday tuziladi?
Reyting 2009-yildan buyon har yili e’lon qilinadi. Unda musulmon dunyosiga siyosiy, iqtisodiy, diniy, madaniy va ijtimoiy ta’sir ko‘rsata oladigan shaxslar saralanadi.
Dastlabki 50 nafar ishtirokchiga aniq o‘rinlar beriladi. Qolgan 450 nafar esa faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga ajratiladi va ular o‘rtasida o‘rinlar belgilanmaydi.
Nashrning ta’kidlashicha, ro‘yxatga kiritilish shaxsning qarashlari yoki faoliyatini ma’qullashni emas, balki uning musulmon dunyosiga ta’sirini baholashni anglatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev posetil kompleks Imama Buxari v Samarkandskoy oblasti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.03.2026
Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakunlangan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Yangiliklar lentasi
0