"Portugaliya qalbimda abadiy qoladi": Ronaldu terma jamoadagi faoliyatini yakunladi

© AP PhotoKrishtianu Ronaldu
Krishtianu Ronaldu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.11.2026
Obuna bo‘lish
Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi va muxlislariga minnatdorlik bildirdi.
TOShKENT, 5 noya — Sputnik. Portugaliyalik mashhur futbolchi Krishtianu Ronaldu milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. Bu haqda Ronaldu ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
41 yoshli futbolchi 23-yil davomida kiyib kelgan 7-raqamli libosini kelajak avlodga topshirish vaqti kelganini aytdi.
"Bu oson qaror bo‘lmadi, chunki ba’zi tanlovlar faqat aql bilan emas, yurak bilan ham qilinadi. 2003-yil avgustida boshlangan va hayotimni butunlay o‘zgartirgan safar endi nihoyasiga yetmoqda", — dedi Ronaldu.
U terma jamoadagi faoliyati davomida erishgan g‘alabalari, rekordlari va mag‘lubiyatlarini eslab, eng katta boyligi muxlislar mehri ekanini ta’kidladi.
"Gollar unutiladi, sovrinlar muzeylarda qoladi, rekordlar esa bir kuni yangilanadi. Ammo vaqt hech qachon o‘chira olmaydigan narsa bor — bu insonlar qalbida egallagan o‘rnimizdir", — dedi futbolchi.
Ronaldu terma jamoadagi safdoshlari, murabbiylari, yaqinlari va muxlislariga minnatdorlik bildirdi.
"Bugun men terma jamoadagi faoliyatimga yakun yasayapman. Bosib o‘tgan yo‘limdan faxrlanib, boshimni baland ko‘targan holda xayrlashapman. Portugaliya hamisha mening bir qismim bo‘lib qoladi", — dedi u.
Krishtianu Ronaldu 2003-yilda Portugaliya terma jamoasida debut qilgan. U 234 ta uchrashuvda 146 ta gol urib, terma jamoalar miqyosida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va gol kiritgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan.
Ronaldu Portugaliya bilan 2016-yilgi Yevropa chempionatida, shuningdek, 2019 va 2025-yillarda UYeFA Millatlar ligasida g‘olib chiqqan.
2026 yilgi jahon chempionatida u O‘zbekiston terma jamoasi darvozasiga ikkita gol kiritib, oltita jahon chempionatida gol urgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylangan.
Ronaldu klublar miqyosida "Sporting", "Manchester Yunayted", "Real Madrid", "Yuventus" jamoalarida to‘p surgan. U besh marta "Oltin to‘p" mukofotini qo‘lga kiritgan, besh marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan. Hozirda Saudiya Arabistonining "An-Nasr" klubida faoliyatini davom ettirmoqda.
UYeFA YeVRO-2024. Match Portugaliya - Sloveniya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.08.2026
Ronaldu va Osiyo gigantlari: o‘zbek klublarining OChLdagi raqiblari qanchalik kuchli?
Yangiliklar lentasi
0