Insonsiz barcha qurilmalarimiz shunchaki metall — Aleksey Lixachov

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
"Rosatom" bosh direktori "Atom-2050" uchrashuvida yoshlarga murojaat qildi.
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. MIFI Toshkent filialida bo‘lib o‘tgan "Atom-2050" uchrashuvida 500 nafarga yaqin Markaziy Osiyo atom sanoati yetakchilari va yoshlar ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Tadbirda so‘zga chiqqan "Rosatom" rahbari Aleksey Lixachov yadro sanoati va yadroviy texnologiyalar rivojining asosiy tayanchi aynan yoshlar, ya’ni bo‘lajak mutaxassislar ekanini ta’kidladi.
"Insonsiz barcha qurilmalarimiz, asbob-uskunalarimiz va texnik yechimlarimiz shunchaki metall, plastmassa va simlar yig‘indisidan iborat, xolos. Yadro sanoati va yadroviy texnologiyalar rivojining asosiy tayanchi — bu sizlar, mutaxassislarsiz. Albatta, bugun Toshkentdagi MIFI filialida amalga oshirilayotgan ishlar biz uchun juda muhim.
Faqat ta’lim olishning o‘zi yetarli emas. Faqat texnik ko‘nikmalarni egallash, trenajorlarda yoki amalda ishlayotgan reaktorlarda stajirovka o‘tash ham kifoya qilmaydi.
Sizlar hamfikr insonlarga aylanishingiz, yadroviy texnologiyalarning nafaqat bugungi, balki ertangi kunini ham ko‘ra olishingiz va tushunishingiz kerak. Ilm-fanni, bilimlarni va turdosh texnologiyalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratish lozim. Biz sizlarning fikrlaringizni eshitishni, qarashlaringiz va kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan rejalaringizni tushunishni juda istaymiz, dedi Lixachev.
Chunki bugun yirik dasturlarimizni shakllantirar ekanmiz, sizlarning manfaatlaringizdan kelib chiqishimiz kerak. Zero, 20–30 yildan keyin aynan sizlar bizning obyektlarimizda ishlaysizlar va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shasizlar.
Sizlar atom energiyasidan foydalanish obyektlariga shunchaki tayyor mutaxassis sifatida emas, balki o‘z korxonalaringiz, atom sohasidagi bilimlar va umuman, yadroviy texnologiyalarning keyingi rivojlanishiga turtki beruvchi, yetakchilik qiluvchi insonlar sifatida kelishingiz kerak.
O‘z nomimdan va hamkasblarim nomidan aytishim mumkinki, biz sizlar bilan birgalikda oldinga harakat qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz", — deya ta’kidladi Aleksey Lixachov.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Aleksey Lixachov bo‘lajak mutaxassislar Rossiya Federatsiyasida amalda ishlab turgan tegishli reaktorlarda stajirovka o‘tashini ma’lum qildi.
"Ertaga qurilish maydonchasiga, stansiyaga, boshqaruv pultlari oldiga keladigan mutaxassislarning shunchaki yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishi yetarli emas. Birinchidan, ular, albatta, zarur bazaviy bilimlarga ega bo‘lishlari lozim. Ikkinchidan, ular amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari kerak. Shu bois biz ularning Rossiya Federatsiyasida amalda ishlab turgan tegishli reaktorlarda stajirovka o‘tashini, shuningdek, trenajor zallarimizda mashg‘ulotlar o‘tkazishini albatta tashkil etamiz. Bundan tashqari, ular texnik akademiyamizda maxsus tayyorgarlikdan o‘tadilar. Ularning har biri individual tartibda litsenziyalanadi.
Yosh mutaxassislar bilan ishlashda yana bir juda muhim masala bor. Bu nafaqat ular, balki biz uchun ham muhim. Chunki bugun biz 2050–2060-yillarga mo‘ljallangan qarashlarimizni shakllantirapmiz, yirik strategik dasturlarni ishlab chiqapmiz", — dedi u.
Lixachovning aytishicha, bugungi kunda "Rosatom" Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
"Tojikiston va Qirg‘izistonda yirik ekologik loyihalarni amalga oshirapmiz, atom energetikasi sohasidagi hamkorlikka o‘tish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rapmiz. Bundan tashqari, yadro tibbiyoti, ilmiy tadqiqotlar va yadroviy texnologiyalarning energetikaga oid bo‘lmagan sohalarda qo‘llanilishi yo‘nalishlarida ham ish olib bormoqdamiz.
O‘zbekistonda mamlakat Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning homiyligi, qo‘llab-quvvatlashi va shaxsiy rahbarligi ostida texnik tuzilishi nuqtayi nazaridan eng noyob loyihalardan biri amalga oshirilmoqda. Bu — aralash turdagi, integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasidir.
Darhaqiqat, boshqa mamlakatlarda bunga o‘xshash loyihalar hozircha hatto rejalashtirilmayapti. Bir maydonda ham gigavatt quvvatli yirik reaktorlarni, ham 55 megavatt quvvatga ega, juda ixcham va quvvatini o‘zgartirish imkoniyati yuqori bo‘lgan kichik reaktorni joylashtirish bo‘yicha hozircha o‘xshash tajriba mavjud emas. Bu loyiha nafaqat texnik yechimlari nuqtayi nazaridan ilg‘or, balki kompleks yondashuvi bilan ham ajralib turadi", — dedi u.
Shuningdek, uchrashuv davomida "O‘zatom" agentligi direktori Azim Ahmedxadjayev, Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi raisining o‘rinbosari Timur Jantikin, Qirg‘iziston energetika vazirining o‘rinbosari Mirlan Parxanov hamda Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi huzuridagi "TAUZ Gidro" ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Abduvakil Rasulov ham yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglab, o‘z qarashlarini bildirdilar.
Timur Jantikinning aytishicha, fiziklar ishsiz qolmaydi.
"Talabalar bilan suhbatlashganimizda, ularning kasbga juda puxta yo‘naltirilganini ko‘rdim. Biz, korxonalar vakillari, ularning ishlab chiqarishdagi faoliyatga qulay moslashishini ta’minlashimiz kerak. Buning uchun, avvalo, mustahkam ta’lim poydevorini yaratish muhim.
Shuni aytish kerakki, atom energiyasi, tinch atom — energetikadan ancha keng tushuncha. Laboratoriyalardan ko‘rinib turibdiki, talabalar hayotga keng qarashadi.
Men uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, fiziklar odatda ishsiz qolmaydi. Chunki ular mustahkam bilimga ega va tabiatni aldab bo‘lmasligini tushunadi.
Shu sababli, yoshlar kelajakda energetikadan tashqari, tinch atom va atom energiyasi qo‘llaniladigan boshqa sohalarda ham ishlash imkonini beradigan mustahkam bilimga ega bo‘lishadi, deb o‘ylayman", — dedi Timur Jantikin.
Uchrashuv so‘ngida atom sanoati yetakchilari bo‘lib o‘tgan muhokamani "Tinch atom, taraqqiyot, farovonlik va do‘stlik" kabi tushunchalar bilan ta’rifladilar.
Yangiliklar lentasi
0