Virusli kontent qanday yaratiladi: O‘zDJTUda SputnikPRO mahorat darsi

Obuna bo‘lish
O‘zDJTUdagi SputnikPRO mahorat darsida talabalar videolar nima uchun millionlab ko‘rilishi va tomoshabin e’tiborini saqlash sirlarini o‘rgandi.
TOShKENT, 22 okt — Sputnik. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida SputnikPRO loyihasi doirasida navbatdagi mahorat darsi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mahorat darsini "Rossiya segodnya" mediaguruhining medialoyihalar va biznes-kontentni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi Polina Golubeva olib bordi.
Ishtirokchilar haqiqiy virusli roliklar misolida nima uchun ayrim videolar millionlab marta ko‘rilishi, boshqalari esa tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolishini tahlil qilishdi.
Nima uchun tomoshabin notanish odamlarning ayrilishi haqidagi videoni oxirigacha ko‘radi? Chiqindixonada yashovchi kishilar hayoti haqidagi hikoyaning qaysi jihati uni o‘ziga tortadi? Nega bloger videoni mavzuni tushuntirishdan emas, balki kutilmagan yoki bahsli bayonotdan boshlaydi?
Ma’lum bo‘lishicha, bu savollarning javobi o‘ylaganimizdan ko‘ra oddiyroq: tomoshabin e’tibori o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uni qiziqish, ziddiyat, qo‘rquv, hayrat, foyda yoki voqealar rivojini bilish istagi orqali jalb qilish mumkin.
Biroq videoning virusli tarzda tarqalishi faqat ko‘rishlar soni bilan belgilanmaydi.
"Virallik — bu shunchaki ommalashib ketgan video emas. Virallik e’tiborni tortish, uni saqlash, his-tuyg‘ular, harakatlar va videoni ulashishni o‘z ichiga oladi", — deya ta’kidladi ma’ruzachi.
Mahorat darsida videoning dastlabki soniyalari nima uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz videolar tasmasida muallifning mavzuga uzoq kirish qilishga deyarli vaqti yo‘q. Tomoshabin keyingi videoga o‘tib ketmasidan avval, nima uchun aynan shu rolikni ko‘rishda davom etishi kerakligini anglab yetishi lozim.
Shu bois xuk — videoning ilk soniyalarida e’tiborni tortadigan usul, vizual yechim, dinamik montaj va javobi keyinroq ochiladigan savol muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, millionlab ko‘rishlarga erishishning barchaga birdek mos keladigan tayyor formulasi mavjud emas.
"Hech qanday yagona retsept yo‘q: doimo turli formatlarni sinab ko‘rish, bularning barchasini madaniyat, dolzarb mavzular va musiqiy trendlar bilan uyg‘unlashtirish zarur", — dedi Polina Golubeva.
Kelajakda media, PR va kommunikatsiyalar sohasida ishlaydigan talabalar uchun ushbu mahorat darsi nafaqat virusli kontent yaratish usullari bilan tanishish, balki videolarga bir vaqtning o‘zida ham ijodkor, ham tomoshabin nuqtayi nazaridan tanqidiy yondashishni o‘rganish imkoniyati bo‘ldi.
SputnikPRO

SputnikPRO - Sputnik axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan media sohasidagi xalqaro ma’rifiy loyiha. Bu jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar va oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurs talabalari uchun Rossiya va xorijdagi eng yaxshi media-menejerlar, ekspertlar hamda agentlikning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladigan seminarlar, ma’ruzalar va mahorat darslarining noyob tizimidir.

KengaytirishYig‘ishtirish
Modul SputnikPRO: Viralniy kontent: pochemu odni video prolistivayut, a drugie soxranyayut i otpravlyayut druzyam?  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.10.2026
Virusli kontent: nima uchun ba’zi videolar ko‘p ulashiladi?
Yangiliklar lentasi
0