Pedofillar endi umrbod qamalishi mumkin: Senat tegishli qonunni ma’qulladi

© Senat Oliy MajlisaZasedanie Senata, arxivnoe foto
Zasedanie Senata, arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.10.2026
Obuna bo‘lish
Qonun 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish va boshqa o‘zgarishlarni nazarda tutadi.
TOShKENT, 2 okt – Sputnik.O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodeksiga hamda bir qator qonunlarga prinsipial va qat’iy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga – 25-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.
Ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi. Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi.
Sud va tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan o‘tkazish hamda bolaga protsessual jarayon boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmoqda.
Qolaversa, ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy jazolar keskin kuchaytirilmoqda.
Senatorlar ushbu qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Saida Mirziyoyeva - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.09.2026
Saida Mirziyoyeva Namangandagi fojiadan so‘ng o‘lim jazosi haqida fikr bildirdi
Yangiliklar lentasi
0