Tog‘ etaklarida rus tili: g‘azalkentlik o‘qituvchi hikoyasi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Zulxumor Narmetova har kuni Toshkent yaqinidagi kichik shaharcha yoshlariga rus tilini o‘rgatadi. Uning o‘quvchilari Rossiya olimpiadalari va tanlovlarida ishtirok etib kelmoqda, o‘zi esa Rossiyaning ko‘plab diplom va sertifikatlariga ega.
G‘azalkent tog‘lar bilan o‘ralgan. Bir vaqtlar bu yerning ko‘chalarida rus tili bolalar kulgisi kabi juda ko‘p yangrardi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 2-sonli texnikum o‘qituvchisi Zulxumor Narmetova bu davrni juda yaxshi eslaydi.
Uning bolaligi ko‘p millatli, gavjum va inoq Lermontov nomidagi ko‘chada o‘tgan. Atrofda o‘zbek, qozoq, tojik, nemis, koreys va ruslar yonma-yon yashardi... Bolalar birga o‘ynab, o‘zaro rus tilida gaplashishardi.
“G‘azalkent ancha kengaydi, shunga qaramay, Bo‘stonliq tumani juda ko‘p millatli hududligicha qolmoqda. Ko‘plab millat vakillari yashaydi va hamma o‘zaro do‘st. Bizda qozoq, tojik maktablari bor, albatta rus tilida o‘qitish ham bor”, — deydi u.
Ammo atrofda ruscha nutq kamayib qoldi. Buni Zulxumor Ikromovna afsus bilan qayd etadi. Uning o‘zi rus tilida erkin gapirishni, eng avvalo, ko‘chada — do‘stlari bilan suhbatlarda, o‘yinlarda, kundalik hayotda o‘rgangan. Hozirgi bolalarda esa bunday muhit deyarli yo‘q.

“Menimcha, muloqotning kamligi xalaqit berapti. Buni tan olishimiz kerak, muloqot kam. Men o‘quvchillarimga doim deyman: “Gaplashaveringlar, uyalmanglar, men bilan rus tilida gaplashinglar”, — deydi o‘qituvchi.

Darslarda o‘qituvchi o‘quvchilardan xato qilishdan qo‘rqmaslikni so‘raydi: gapirishni, urinib ko‘rishni, savollar berishni. Ba’zan ularning ruschasi hozircha g‘aliz, so‘zlar qiyinchilik bilan aytiladi. Lekin o‘qituvchi ularga hatto jasorati uchun ham besh baho qo‘yadi. Chunki u biladi: til aynan shu birinchi urinishdan boshlanadi.
Zulxumor Narmetova rus tiliga bo‘lgan muhabbatini maktabdagi o‘qituvchisi Klara Grigoryevna Dyachok bilan ham bog‘laydi. Uning darslari, hozirgi tilda aytganda, interaktiv va qiziqarli o‘tardi.
Biroq Zulxumor Narmetova darhol o‘qituvchi bo‘lishga qaror qilmagan. U arxeologiyani orzu qilar va tarixni o‘rganishni istardi. Ammo taqdir uni Ivanovo davlat universitetiga olib keldi va u yerda rus tili o‘qituvchisi yo‘nalishida o‘qishni boshladi.
Dastlabki yillar oson kechmadi. U ko‘p shug‘ullanardi, soatlab dars qilar va o‘quv zalidan deyarli chiqmasdi. Seminarlarda javoblarni bilsa ham, qo‘l ko‘tarishdan qo‘rqardi: juda uyalar va javobi noto‘g‘ri bo‘lib chiqadigandek tuyulardi.
“Ehtimol, hozir mening o‘quchilarimda ham shunday kechinma va xavotirlar bordir”, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Balki shuning ham, u rus tilini qiyinchilik bilan o‘zlashtirayotganlarni juda yaxshi tushunadi.
Sog‘lig‘i tufayli yosh Zulxumor Ivanovoda o‘qishni oxiriga yetkaza olmadi va O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldi, bu yerda V.V. Reshetov nomidagi Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutining sirtqi bo‘limini tamomladi.
Shundan keyin tuman pionerlar saroyida metodist bo‘lib ishladi. Keyinchalik, SSSR parchalangandan so‘ng, 15-yilga bank sohasiga o‘tib ketdi va ikkinchi — iqtisodchi mutaxassisligini egalladi. Go‘yoki uning yo‘li rus tilidan butunlay uzoqlashgandek edi.
Lekin pedagogikaga bo‘lgan mehr g‘alaba qozondi. Dastlab Zulxumor Ikromovna 2-sonli texnikumga (o‘sha paytda kollej) iqtisodiyot bilan bog‘liq maxsus fanlar o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirdi. Ta’lim dasturlari o‘zgarishni boshlagach, unga rus tilidan dars berishni — birinchi mutaxassisligi bo‘yicha ishlashni taklif qilishdi. Mana, ko‘p yillardan beri uning ish kuni nafaqat rus tili qoidalari, balki eng asosiy savolga javob topishga urinish bilan ham bog‘liq: rus tili zamonaviy o‘smirga nima uchun kerak?
U javobni o‘quvchilari bilan birga izlaydi. Kimdir uchun rus tili kelajakdagi kasbining tiliga aylanadi. Boshqasi uchun esa — O‘zbekistondan tashqarida va Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallarida o‘qish imkoniyati. Yana kimgadir bu til shunchaki muloqot va rivojlanish uchun muhim.
Ammo Zulxumor Ikromovna faqatgina amaliy foyda haqida gapirmaydi. Bolalarning bu tildan qo‘rqmasligi u uchun juda muhim. U “Rus tilida gaplashamiz” to‘garagini olib boradi, u yerda viktorina va tanlovlar tashkil etadi, o‘quvchilar bilan onlayn muloqot qiladi. Hatto kech yozilgan xabarlarni ham javobsiz qoldirmaslikka harakat qiladi: agar bola bugun nimagadir qattiq qiziqib qolsa-yu, javob ololmasa, ertaga uning qiziqishi so‘nib qolishidan qo‘rqadi.
“Albatta, ularga javob berishga harakat qilaman. Hatto tunda va bayram kunlari ham — istalgan vaqtda, chunki men javob bermasam, ularning qiziqishi va ishtiyoqi yo‘qoladi”, — deya qo‘shimcha qiladi Zulxumor Narmetova.
Umuman olganda, o‘qituvchining faoliyati allaqachon bir kabinet doirasidan chiqib ketgan. U ko‘p yillardan beri Rossotrudnichestvoning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlik qilib, rus tilini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ta’lim, ma’rifiy va madaniy loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. Mahorat darslari o‘tkazadi va ularda qatnashadi, hamkasblari bilan o‘z pedagogik tajribasini o‘rtoqlashadi.
Bu borada yosh kitobxonlarning “Barhayot klassika” xalqaro tanlovi alohida o‘rin tutadi. U to‘qqiz yildan beri ushbu tanlovning Toshkent viloyati bo‘yicha kuratori bo‘lib kelmoqda.
Zulxumor Ikromovna o‘z tajribasini pedagoglar bilan bajonidil baham ko‘radi. Masalan, Bo‘stonliq tumanidagi 2-sonli texnikumida “Tezkor metodik yordam” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda pedagoglar ta’lim muassasasining muayan muammolari haqida suhbatlashishlari va birgalikda yechim izlashlari mumkin edi. Rus uyi texnikumga adabiyotlar bilan yordam berdi: 100 tadan ortiq kitob — badiiy va ilmiy adabiyotlar, shuningdek, rus tili darsliklarini taqdim etdi.
O‘qituvchi doimiy ravishda o‘z ustida ishlaydi va rus tili o‘qituvchilari uchun o‘tkaziladigan xalqaro tanlovlarda ishtirok etadi, insholar yozadi, loyihalar yaratadi. 2024-yilda u butun dunyo rus tili o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan Pushkin nomidagi xalqaro tanlov laureati bo‘ldi. 2025-yilda “Xorijdagi eng yaxshi maktab” tanlovining “Xalqaro darajadagi o‘qituvchi” nominatsiyasida uchinchi o‘rinni egalladi. Uning rus tili haqidagi yana bir ishi “Biz rus tilida gapiramiz, yozamiz, o‘ylaymiz” tanlovida g‘olib chiqdi.
Ustozning mehnati davlat tomonidan ham e’tirof etilgan: u O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi, shuningdek, Rossotrudnichestvo va Rossiya oliy o‘quv yurtlarining tashakkurnomalari bilan taqdirlangan. Zulxumor Ikromovna uchun bularning barchasi, avvalo, o‘z ustida ishlashni davom ettirish uchun rag‘batdir.
Zulxumor Narmetovaning mehnati zoe ketmaganining eng katta isboti — uning hozirgi va sobiq o‘quvchilari hamda ularning muvaffaqiyatlaridir. Ular har yili xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtirok etib kelishadi. Ular orasida A.S.Pushkin nomidagi Davlat rus tili institutining rus tili bo‘yicha xalqaro olimpiadalari, shuningdek, “Lobachevskiy/ RU”, “Yodda tutaman va faxrlanaman”, “Barhayot klassika” kabi tanlovlar, Sankt-Peterburg va Tomsk davlat universitetlarining olimpiadalari bor.
Bitiruvchilardan biri Yusuf Anvarov Qozondagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. Yana bir o‘quvchi qiz, rus tili bo‘yicha a’lochi va tanlovlar ishtirokchisi Zarina Basirova shifokor bo‘lishni orzu qilgan bo‘lsa-da, rus tili darslaridan ilhomlanib, Chirchiq davlat pedagogika universitetining rus filologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kirdi.
“U o‘tgan yili menda amaliyot o‘tagan edi. Bu yerda u dars o‘tdi, biz u bilan birga ishladik. O‘ylaymanki, biz kelgusida ham hamkorlikda ishlaymiz. Balki kelajakda u mening o‘rnimni bosar”, — deydi Zulxumor Ikromovna.
Bu jumlada sokin quvonch bor. Chunki o‘qituvchi uchun, ehtimol, eng muhimi — bir kun kelib o‘quvchilari u boshlagan ishni davom ettira olishlaridir.
Va shunga qaramay, ehtimol, uni har qanday mukofotdan ko‘ra boshqa narsalar ko‘proq quvontiradi. Yillar o‘tib, sobiq o‘quvchisi ko‘chada oldiga kelib, salomlashib: “Hammasi uchun rahmat”, – deganida. Armiyadan rus tilida xat kelganida. Bitiruvchisi rus tili unga ishda yordam berganini aytib berganida. O‘quvchilari xato bilan bo‘lsa-da, baribir rus tilida gapirishda davom etganlarida. Shunda bir narsa ayon bo‘ladi: uning mehnati va rus tili nafaqat darsliklarda, balki oddiy hayotda ham yashamoqda.
Zulxumor opa tan oladi: u ham har qanday o‘qituvchi kabi charchaydi.
“Ba’zida yig‘layman, ba’zida xursand bo‘laman, ishdan kelib, kimdandir xafa bo‘laman. Shunaqasi ham bo‘lib turadi. Ertalab hammasini unutib yana ishga boraman. Chunki o‘z kasbimni yaxshi ko‘raman, bolalarimni yaxshi ko‘raman. O‘qituvchi, avvalo, bolalarni sevishi kerak. Agar u bolalarni yaxshi ko‘rmasa, natija bo‘lmaydi. Bolalarga butun qalbini berishi kerak”, — deydi u.
Hozir Zulxumor opa nafaqada, lekin ishdan ketish niyatida emas. Uni hamon tanlovlar, o‘quvchilari va o‘zi ham nimanidir o‘rganish imkoniyati ilhomlantiradi.
U hamon kechalari kompyuter qarshisida o‘tiradi, soatlab ishlaydi, tanlovlarda qatnashadi, o‘quvchilarining barcha savollari va xabarlariga javob beradi hamda yangi loyihalar tayyorlaydi. Uning yonida esa mehribon oilasi, unga doim yordam berib kelayotgan va eng yaqin maslahatchisi bo‘lib qolayotgan turmush o‘rtog‘i Fatxulla Narmetov, farzandlari va nabiralari bor.
Zulxumor Narmetova qalbiga qadrli bo‘lgan ikkita ko‘krak nishoni — “Mo‘’tabar ayol” va “Ibratli oila” nishonlarini faxr bilan ko‘rsatadi. Uning uchun oila — hayot tayangan o‘sha mangu o‘choq va mustahkam poydevor.
Va modomiki bu yerda, uning qadrdon texnikumida va jonajon G‘azalkentida ruscha nutq yangrar ekan, rus tilining kelajagi bor.
G‘azalkentlik o‘qituvchi haqidagi to‘liq hikoyani Sputnik videosida tomosha qiling.
Yangiliklar lentasi
0