Pedagoglarga ustama va imtiyozlar: maktab va bog‘chalarda nimalar o‘zgaradi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provol vstrechu s prepodavatelyami i nastavnikami
Shavkat Mirziyoyev provol vstrechu s prepodavatelyami i nastavnikami - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.09.2026
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda o‘qituvchilarga yangi ustama va mukofotlar beriladi, maktablarda dars o‘tish tartibi o‘zgaradi, ayrim oilalarga maktab va bog‘cha to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar joriy etiladi.
TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekistonda maktab va bog‘chalarda ta’limni tashkil etish tartibi o‘zgaradi, pedagoglar uchun yangi ustama va mukofotlar joriy etiladi, ayrim oilalar esa xususiy maktab va bog‘cha xarajatlari bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Aniq va tabiiy fanlar guruhlarga bo‘lib o‘qitiladi
Matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlarida sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, darslar ikki guruhga bo‘lib o‘tiladi.
Ushbu fanlar o‘qituvchilarini rag‘batlantirishning yangi tizimi ham joriy etiladi. Milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi. Har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 million so‘mdan mukofot beriladi, yana ming nafar o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi.
Kamida 15-yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan o‘qituvchilarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi.
Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino va Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy malaka toifasiga ega bo‘ladi.
4-sinfdan olimpiada va 100 million so‘mgacha mukofot
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi.
Kelasi yildan 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g‘olib chiqqan bolalar kompyuter oladi. Ularni tayyorlagan o‘qituvchilarga tuman bosqichidagi g‘olib uchun 10 million, viloyat bosqichi uchun 50 million, respublika bosqichi uchun 100 million so‘m mukofot beriladi.
Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabning bittadan sinfida matematika, informatika va tabiiy fanlar to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Loyihaga jalb qilingan o‘qituvchilar va maktabga tayyorlov guruhi pedagoglariga 100 foiz ustama to‘lanadi.
Maktablar uchun "sifat indeksi"
O‘rta ta’limda "sifat indeksi" joriy etiladi. Maktablar pedagogik jamoa salohiyati, o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyadagi natijalariga qarab toifalarga ajratiladi.
Ilg‘or maktab boshqa maktabga o‘z tajribasini o‘rgatib, uni yuqori toifaga olib chiqsa, ushbu maktab pedagogik jamoasiga 30 foiz ustama beriladi.
O‘qituvchi malaka oshirish joyini o‘zi tanlaydi
Pedagoglarni poytaxt yoki viloyat markaziga borib, bir oylik majburiy kursda o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi. Uning o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari joriy etiladi.
Muallim toifa sinovidagi natijasiga qarab 18 soatdan 72 soatgacha ta’lim oladi va kurs hamda malaka oshirish joyini o‘zi tanlaydi.
Xususiy maktablar uchun kredit va subsidiyalar
Joriy yil birinchi sinfga 800 ming bola qabul qilindi. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan o‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochish rag‘batlantiriladi.
Bunday hududlarda xususiy maktab tashkil etish uchun 7-yilga 10 foizli imtiyozli kredit beriladi. Maktabni ochish va jihozlash xarajatining 15 foizigacha, ammo ko‘pi bilan 1,5 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.
Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10-yilga bepul ijaraga beriladi. Binosini maktabga ijaraga bergan mulkdorlarga yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish xarajatining yarmi qoplanadi.
Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq solinmaydigan daromad chegarasi oyiga 3 milliondan 6 million so‘mga oshiriladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu oilalarga yiliga 6-7 million so‘m tejash imkonini beradi. Soliq organlari to‘lovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarishi rejalashtirilgan.
Inklyuziv maktablar barcha hududlarda ochiladi
So‘nggi ikki yilda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 ming 591 taga yetgan.
Yaqinda Toshkentda ko‘rish, eshitish yoki harakatlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda rivojlanishda qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalar boshqa o‘quvchilar bilan bir muhitda ta’lim oladigan ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi ish boshladi.
Yil oxirigacha shunday maktablar Xorazm, Jizzax va Samarqandda, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda ochilishi rejalashtirilgan.
Ishli onalarning oilaviy bog‘cha puli budjetdan qoplanadi
Kelasi yil 1-yanvardan 2-3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishli onalarning badal puli budjet hisobidan qoplanadi.
Bog‘chalar uchun Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida yangi dastur ishlab chiqilgan. O‘yin orqali ta’lim berish tizimi hozir bog‘chalarning 30 foizida qo‘llanmoqda, yil oxirigacha esa 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etilishi rejalashtirilgan.
Har yili 50 nafar ilg‘or tarbiyachi xorijda stajirovka o‘taydi. Uch yil davomida davlat bog‘chalari elektron doska, kompyuter va rangli printerlar bilan jihozlanadi.
Bog‘cha tarbiyachilari uchun yana bir o‘zgarish — kelasi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida ularning o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqaradi. Bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev podpisivayet dokumenti. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.09.2026
Mirziyoyev 109 nafar o‘qituvchi va ta’lim sohasi vakilini mukofotladi
Yangiliklar lentasi
0