30 yillik xizmat: O‘zbekistonda kinologlar va xizmat itlari qanday tayyorlanadi
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida nafaqat mamlakatdagi, balki xorijdagi turli xizmatlar uchun ham to‘rt oyoqli yordamchilar tayyorlanadi. Shuningdek, bu yerda mutaxassislar o‘qitilib, xalqaro hamkorlik, jumladan, Rossiya bilan aloqalar rivojlantirilmoqda.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi 1996-yildan beri faoliyat yuritadi, 2008-yilda esa Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy kinologiya markaziga aylangan. Bugungi kunda bu yerda 100 nafarga yaqin xodim xizmat qiladi. Yana 200 nafardan ortiq kinolog esa hududiy bojxona boshqarmalarida o‘zlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan faoliyat olib boradi.
“Markazimiz asosiy bo‘limlari: xizmat itlari bilan mashg‘ulot o‘tkazish bo‘limi, o‘quv-uslubiy bo‘limi, xizmat itlari pitomnigi va veterinariya xizmati”, — deydi O‘zbekiston Milliy kinologiya markazi bosh inspektori Hasan Rizoqulov.
Markazda tayyorlangan kinolog va itlar giyohvandlik, sintetik hamda psixotrop modda, portlovchi moddalarni, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni, valyuta, tamaki mahsulotlari va o‘simliklarni qidirishda yordam beradi. Shuningdek, ular minalarni qidiradi, qutqaruvchilarga yordam beradi, qo‘riqlash, qidiruv va terrorizmga qarshi operatsiyalarda ishtirok etadi.
Markazda turli zotli nasldor xizmat itlarini saqlash va ko‘paytirish uchun pitomnik mavjud. Bu yerda har yili 70–80 ta it yetishtiriladi. O‘zbekistonlik mutaxassislarining tajribasi mamlakat tashqarisida ham talabgir: O‘zbekistondan olib ketilgan xizmat itlari boshqa davlatlarning bojxona xizmatlarida ham ishlamoqda.
“Oxirgi uch yilda Koreya Respublikasining buyurtmanomasi asosida 12 bosh labrador zotiga mansub xizmat itlari giyohvand moddalarni qidirish yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlanib, eksport qilindi. Bundan tashqari, Tojikiston Respublikasining so‘rovnomasiga asosan 10 bosh spaniyel zotli xizmat itlari Tojikiston Respublikasiga beg‘araz hadya qilindi”, – dedi Hasan Rizoqulov.
Markazda tug‘ruqxona, kuchuklar uchun binolar va hatto o‘yin maydonchalari ham faoliyat yuritadi. 2023-yilda markazdagi veterinariya klinikasi rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochildi. Bu yerda itlar profilaktika, diagnostika va davolanadi, zarurat tug‘ilganda esa jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.
“Mashg‘ulotlar paytida xizmat itlari mexanik jarohatlar olishi mumkin. Keyingi asoratlarning oldini olish uchun bizda tashxis qo‘yish va salomatligini tiklash uchun barcha kerakli vositalar bor”, — deya izoh berdi O‘zbekiston Milliy kinologiya markazi veterinariya klinikasining kichik inspektori Nuriya Zaripova.
Uning aytishicha, klinika jamoasida travmatolog-jarroh, onkolog-jarroh, ultratovushli diagnostika mutaxassisi, laborant va feldsherlar ishlaydi.
Bugungi kunda Milliy kinologiya markazining xizmat itlari pitomnigida nemis, Sharqiy Yevropa va O‘rta osiyo ovcharkalari, labradorlar, ingliz koker-spaniyellari va rus spaniyellari, shuningdek, Belgiya malinualari bor.
Kuchukchalar o‘yin tarzida ikki oyligidan boshlab tayyorlanadi. To‘rt oylik bo‘lgandan keyin esa ularni xarakteriga qarab kinologlarga taqsimlashadi. Shuni ta’kidlash joizki, barcha kuchukchalar ham xizmatga yaroqli bo‘lavermaydi. Ikki oydan keyin mutaxassislar kuchukchaning keyingi tayyorgarlikdan o‘ta olishi yoki o‘ta olmasligini aniqlaydilar.
Kuchuklarni dastlabki o‘rgatish uchun eng yaxshi yosh 4 oydan 8 oygacha. Sakkiz oylik bo‘lganidan so‘ng esa it ma’lum bir kinologga topshiriladi va u itni aniq bir moddani izlab topishga o‘rgatadi.
Milliy kinologiya markazida xizmat itlarini o‘rgatish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan bo‘lib, u yerda imitatsiya zali, mashg‘ulot maydonchasi va boshqa ko‘plab qulayliklar mavjud.
Milliy kinologiya markazi instruktori Sardor Ahmadjonov o‘q-dorilarni qidirib topishga ixtisoslashgan Kolli laqabli xizmat iti bilan ishlaydi.
“Juda aqlli hamda mehribon, egasiga sadoqatli, haqiqiy do‘st. Egasi nima xohlayotganinibiladi, juda yaxshi ishlaydi. Kun davomida men bilan birga. Birga shug‘ullanamiz, birga o‘ynaymiz. Bunga juda mehrim baland”,– deydi instruktor.
Kolli hozircha ikki yoshda. It qurol va portlovchi moddalarni aniqlashi a’lo darajada hamda o‘z egasi bilan yana uzoq vaqt, 10-15 yilgacha xizmat qiladi. Itlar psixologik jarohat olmasligi uchun nafaqaga chiqqanidan so‘ng shu vaqt davomida ular bilan ishlagan kinologlarning uyiga yuboriladi.
O‘zbekiston Milliy kinologiya markazi xorijiy mamlakatlar, jumladan, Rossiyaning kinologiya xizmatlari bilan hamkorlik qilib keladi. Boliqulovning so‘zlariga ko‘ra, markazda xorijiy davlatlar kinologlari malaka oshirmoqda. Shuningdek, bu yerda instruktorlik kurslari ham o‘tkaziladi.
2008 yildan beri Milliy kinologiya markazi bazasida 200 nafardan ziyod kinolog tayyorgarlikdan o‘tdi. Xalqaro hamkorlikda Rossiya Federal bojxona xizmatining kinologiya markazi muhim o‘rin egallaydi.
2024 yilda Sheremetyevo aeroportidan kinolog-instruktor tashrif buyurdi. 2026-yil sentabrda esa Rossiya Federal bojxona xizmati va O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi memorandum imzoladi. Uning maqsadi kinologiya faoliyati sohasida tajriba almashish, hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdir.
“MDH doirasida ikkita eng yirik markaz – bu Rossiya Federal bojxona xizmati (FBX) va O‘zbekistondagi kinologiya markazidir. Biz juda yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz”, — dedi Rossiya FBX Kinologiya markazining Markaziy bojxonasi boshlig‘i Aleksey Cherkavskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat mutaxassislari qo‘shma tadbirlar, jumladan, musobaqalar, yig‘inlar o‘tkazib kinologlarni tayyorlamoqda.
Xalqaro hamkorlik mutaxassislarga umumiy xavfsizlikda ish samaradorligini oshirishga yordam beradi. Xizmat itlari esa adashishning bahosi juda qimmatga tushadigan joylarda ishlaydi.
O‘zbekiston Milliy kinologiya markazining faoliyati haqida batafsil Sputnik videosida tomosha qiling.