Rossiyada migrantlar uchun nima o‘zgaradi: Medvedev yangi choralarni aytdi

© Sputnik / Yekaterina Shtukina / Mediabankka o‘tishZampred Sovbeza RF Dmitriy Medvedev dal intervyu gazete "Vedomosti"
Zampred Sovbeza RF Dmitriy Medvedev dal intervyu gazete Vedomosti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.09.2026
Obuna bo‘lish
Rossiyada migrantlar uchun daromad, tibbiy ko‘rik va raqamli nazorat bo‘yicha yangi talablar joriy etiladi va kuchaytiriladi.
TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, “Yedinaya Rossiya” ("Yagona Rossiya") partiyasi raisi Dmitriy Medvedev mamlakatda migratsiya nazorati yanada kuchaytirilishini, ayrim yangi talablar esa 2027-yildan kuchga kirishini ma’lum qildi. U bu haqda “Vedomosti”ga bergan intervyusida so‘zladi.
Medvedevning aytishicha, Rossiya migratsiya siyosatida milliy xavfsizlikni ustuvor vazifa deb biladi. Hukumat etnik anklavlar shakllanishiga qarshi kurashish, noqonuniy bandlikni qisqartirish va mehnat migratsiyasini yanada shaffof qilishni maqsad qilgan.
Eng muhim yangiliklardan biri 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Xorijiy ishchilar Rossiyada o‘zini va qaramog‘idagi oila a’zolarini mintaqada belgilangan yashash minimumidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlay olishi shart bo‘ladi. Bu miqdorga hududiy koeffitsiyent ham qo‘llanadi.
Daromad haqidagi ma’lumotlar soliq organlari orqali tekshiriladi. Agar daromad tasdiqlanmasa yoki belgilangan meyordan past bo‘lsa, migrantning patenti yoki ishlash ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin. Bu holat uning va qaramog‘idagi oila a’zolarining Rossiyada qolish huquqiga ham ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, Rossiyada xorijiy ishchi kuchini tashkillashtirilgan tartibda yollashning yangi tizimi muhokama qilinmoqda. IIV 2027-yildan bunday mexanizmni aksariyat hududlarda ish beruvchilar uchun asosiy tartibga aylantirish bo‘yicha tajriba o‘tkazishni taklif qilgan. Medvedevga ko‘ra, masala hozircha biznes ishtirokida ishlab chiqilmoqda, ya’ni yakuniy tartib hali qabul qilinmagan.
Migrantlarni raqamli nazorat qilish ham kengaytirilishi kutilmoqda. Moskva va Moskva viloyatida vizasiz kelgan chet elliklarni hisobga olish uchun “Amina” mobil ilovasi qo‘llanmoqda. U geolokatsiya orqali shaxsning joylashuvini aniqlash imkonini beradi. Medvedev bu yondashuvni keyinchalik butun Rossiya bo‘ylab joriy etish rejalashtirilayotganini aytdi.
Uning ma’lum qilishicha, bir yil ichida “Amina”dan 3,3 milliondan ortiq xorijlik foydalangan, hozir tizimda 1,1 million kishi hisobda turibdi.

Tajribaning ikkinchi bosqichi sentabrda boshlandi, yakuniy natijalar esa 2029-yilda baholanadi. Shu sababli migrantlarning maxsus telefon orqali geolokatsiya nazorati hozircha butun Rossiya uchun majburiy talab emas.

Ayrim qoidalar esa allaqachon amal qilmoqda. 1-sentabrdan Rossiyaga ishlash uchun kelgan yoki mamlakatda 90 kundan ortiq qoladigan ayrim toifadagi xorijliklar kirganidan keyin 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Tekshiruv xavfli yuqumli kasalliklar va giyohvand moddalar iste’molini ham qamrab oladi.
Migrantlar farzandlarini maktabga qabul qilishda rus tilini bilish bo‘yicha test talabi esa 2025-yil aprelidan amal qiladi. Medvedevning ma’lum qilishicha, 2026-yilning yetti oyida 6 mingga yaqin xorijlik ota-ona tarbiya majburiyatlarini bajarmagani uchun, yana 5 mingdan ortig‘i farzandlarining Rossiyada qonuniy bo‘lishini ta’minlamagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Natijada 6,5 mingdan ortiq bola Rossiyani tark etgan, 1,7 ming nafari ta’lim muassasalariga qabul qilingan.
Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun qo‘shimcha talablar joriy etish masalasi esa hozircha faqat o‘rganilmoqda.

“Ishlash uchun kelgan bo‘lsangiz, urf-odatlarimizni hurmat qiling va Rossiya qonunlariga rioya qiling”, — dedi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, choralar qonunlarga amal qiladigan va Rossiya jamiyatiga integratsiya qilishga intiladigan xorijliklarga qarshi qaratilmagan.
Aleksey Yerxov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.02.2026
Mehnat migrantlariga ehtiyoj ortadi — Yerxov TIVga Rossiya konsepsiyasini ma’lum qildi
Yangiliklar lentasi
0