O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 72 mlrd dollardan oshdi — infografika

Obuna bo‘lish
Shu davrda xorijiy valyuta zaxiralari qariyb 1 mlrd dollarga kamaydi, oltinning jismoniy hajmi esa taxminan 8,1 tonnaga ko‘paydi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari bir oyda qariyb 7,8 milliard dollarga yoki 12,1 foizga oshdi. 2026-yil 1-sentabr holatiga ularning umumiy hajmi 72,135 milliard dollarni tashkil qildi.
O‘sish asosan oltin zaxiralari hisobiga ta’minlandi. Qimmatbaho metallning zaxiralardagi qiymati avgust boshidagi 56,122 milliard dollardan 64,929 mlrd dollargacha ko‘tarildi. Ya’ni bir oyda qariyb 8,81 mlrd dollarga yoki 15,7 foizga oshdi.
Shu bilan birga, oltinning faqat qiymati emas, jismoniy hajmi ham ko‘paydi. U 13,85 milliondan 14,11 million troy unsiyaga yetdi. O‘sish 260 ming troy unsiyani yoki qariyb 8,1 tonnani tashkil qildi.
Oltinning jismoniy hajmi 1,9 foizga, dollardagi qiymati esa 15,7 foizga oshgani zaxiralar o‘sishida jahon bozoridagi oltin narxining ko‘tarilishi ham katta rol o‘ynaganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda xorijiy valyuta zaxiralarida teskari dinamika kuzatildi. Ularning hajmi bir oyda 7,652 milliard dollardan 6,635 milliard dollarga tushdi — kamayish qariyb 1,02 milliard dollar yoki 13,3 foizni tashkil etdi.
Natijada oltinning mamlakat xalqaro zaxiralaridagi ulushi bir oyda 87,2 foizdan 90 foizgacha oshdi.
Yangiliklar lentasi
0