Toshkent Botanika bog‘i: o‘simliklarni asrashdan “yashil kelajak” sari — foto
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Toshkent Botanika bog‘ida 2500 ga yaqin o‘simlik turi saqlanmoqda, noyob turlarni ko‘paytirish va mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilmoqda.
Toshkent Botanika bog‘ining rivojlanishi, bu yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va ekologik madaniyatni yuksaltirishning ahamiyati haqida bog‘ direktori Sodiqjon Xoliqnazarovich Abdinazarov so‘zlab berdi.
1950-yillarda tashkil etilgan Toshkent Botanika bog‘i yillar davomida O‘zbekistonda o‘simliklar xilma-xilligini saqlash va o‘rganishga ixtisoslashgan muhim ilmiy markazga aylandi. Agar 2016-yilda bog‘ kolleksiyasida 1500 ga yaqin o‘simlik turi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 2500 ga yaqinlashgan. Bog‘ning umumiy maydoni 66 gektarni tashkil etadi.
“Men Botanika bog‘iga rahbarlikka kelgan paytimda bu yerda 1500 ga yaqin o‘simlik turi bor edi. Bugun ularning soni 2500 ga yaqinlashdi. O‘ylaymanki, shu davrda ma’lum natijalarga erisha oldik”, — dedi bog‘ direktori.
Bog‘ kolleksiyasida piyozli o‘simliklar alohida o‘rin tutadi. Bu yo‘nalish xalqaro ilmiy hamkorlik va piyozli o‘simliklarning kelib chiqish markazlarini o‘rganish bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo ham bunday o‘simliklarning muhim kelib chiqish hududlaridan biri hisoblanadi.
Kolleksiyada noyob va yo‘qolib borayotgan, jumladan, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan turlarni saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Bizning maqsadimiz Qizil kitobga kiritilgan o‘simlik turlarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni O‘zbekiston sharoitida ko‘paytirish va ilmiy kolleksiya sifatida rivojlantirishdan iborat”, — ta’kidladi Abdinazarov.
So‘nggi yillarda Botanika bog‘ida ilmiy tadqiqotlar ko‘lami ham kengaydi. Moskva davlat universiteti Botanika bog‘i bilan hamkorlikda 200 ga yaqin yangi o‘simlik turi olib kelinib, ularni O‘zbekiston iqlimiga moslashtirish ishlari davom etmoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, yangi o‘simlikni mahalliy sharoitga moslashtirish uzoq vaqt talab qiladi. Ayrim butalarni iqlimlashtirish uchun uch-to‘rt yil, daraxtlar uchun esa sakkiz-o‘n yilgacha vaqt ketishi mumkin.
Noyob va kamayib borayotgan o‘simliklarni saqlab qolishda biotexnologiya laboratoriyasining ham ahamiyati katta. Bu yerda o‘simliklarni urug‘lari, novdalari va boshqa qismlari orqali ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
O‘tgan yili laboratoriyada 12 ta turni saqlab qolish va ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsa, ayni paytda yana 10–15 tur ustida ilmiy ishlar davom etmoqda.
Bog‘ olimlarining ilmiy natijalari patentlar bilan ham tasdiqlanmoqda. O‘tgan yil davomida bir nechta patent olingani Botanika bog‘ining ilmiy salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, bog‘ direktori shaharlardagi daraxtlarga munosabat masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi.
“Daraxt ham inson kabi yoshi o‘tgan sari ko‘proq parvarishga muhtoj bo‘ladi. Qurib borayotgan shoxlarini o‘z vaqtida kesish, davolash, suv berish va oziqlantirish kerak”, — dedi u.
Mutaxassisning fikricha, ayrim joylarda daraxtlar atrofining asfalt yoki beton bilan to‘liq qoplab qo‘yilishiga jiddiy muammo sifatida qarash lozim. Bunday holat daraxt ildizlariga suv va havo yetib borishini qiyinlashtiradi va uning normal rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“O‘simlik ham nafas olishi kerak. Unga suv, havo va ozuqa zarur. Shuning uchun daraxtlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz, ekologik madaniyatni esa oiladan boshlab shakllantirishimiz kerak”, — dedi Abdinazarov.
Mutaxassisning fikricha, “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxt ekish bilan bir qatorda, ularni to‘g‘ri tanlash va keyingi parvarishiga ham jiddiy e’tibor qaratish zarur. Har bir hudud uchun iqlim va tuproq sharoitiga mos o‘simlik turlarini tanlash samarali natija beradi.
Masalan, Farg‘ona vodiysi sharoitida terak, tol, qayrag‘och va chinorlar, cho‘l hududlarida saksovul kabi qurg‘oqchilikka chidamli turlar, Xorazm sharoitida esa qayrag‘och, katalpa va boshqa moslashgan o‘simliklarni ekish maqsadga muvofiq.
“Qaysi o‘simlikni qayerga ekishni bilish kerak. O‘simlik tanlashda iqlim, tuproq, yorug‘lik va hududning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi zarur”, — dedi Botanika bog‘i direktori.
Bugun Botanika bog‘i faqat ilmiy markaz emas, balki aholi uchun ekologik-ma’rifiy maskan sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, dam olish kunlari bu yerga minglab tashrif buyuruvchilar keladi.
Bog‘dagi o‘simliklarga QR-kodlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali turlar haqida o‘zbek, rus va boshqa tillarda ma’lumot olish mumkin.
Botanika bog‘ida dendrologiya, dorivor o‘simliklar va biotexnologiya laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda o‘quvchilar, talabalar, magistrlar va olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi.
Xalqaro hamkorlik doirasida kelgusida Toshkentda lolalar va boshqa piyozli o‘simliklarga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
“Botanika bog‘lari bugun oddiy sayrgoh emas. Ular o‘simliklar dunyosini saqlash, o‘rganish va kelajak avlod uchun asrashga xizmat qiladigan ilmiy markazlardir. Bugun qilayotgan ishlarimiz — kelajak avlod uchun qilinayotgan mehnatdir”, — deya ta’kidladi Abdinazarov.

1/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Toshkent Botanika bog‘i direktori Sodiqjon Haliknazarovich Abdinazarov

2/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Teshik bargli silfium (Silphium perfoliatum)

3/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Yong‘oqsimon lotos (Nelumbo nucifera)

4/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Yorqin qizil pirakanta (Olovli tikan)

5/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Bog‘dagi oilaviy sayr

6/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Oddiy zag‘izg‘on (Pica pica)

7/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Bog‘ floksi (Phlox paniculata)

8/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Amerika lakonosi (Phytolacca americana)

9/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Xrizantema (Gulovur / Gulovur)

10/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Do‘lana

11/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Arpabodiyon yoki oq zira (Foeniculum vulgare Mill)

12/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Nabira va bobo kabutarlarni boqmoqda

13/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Pirakanta

14/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Sharsimon gomfrena (Gomphrena globosa)

15/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Bo‘yoqbop saflor / saflor (Carthamus tinctorius)

16/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Tukli rudbekiya— Rudbeckia hirta

17/17
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Chiroyli gayllardiya (Gaillardia pulchella)