Kredit, subsidiya va garovsiz mablag‘: endi qarorni tuman shtabi qabul qiladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provodit soveshanie po voprosam sokrasheniya bednosti.
Shavkat Mirziyoyev provodit soveshanie po voprosam sokrasheniya bednosti. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.09.2026
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda tumanlar ixtiyoriga jami 3,2 trln so‘m resurs yo‘naltiriladi. Shtablar kredit va subsidiyalarni taqsimlash, muddat va to‘lov grafiklarini mustaqil belgilaydi.
TOShKENT, 3 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda tuman shtablarining vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha qator choralar belgilandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Endi oilaviy va yoshlar tadbirkorligi uchun imtiyozli kredit resurslarini boshqarish tuman shtablariga o‘tkaziladi.
Ular kimga qancha kredit berish, mablag‘ni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirishni mustaqil hal qiladi.
Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trln 370 mlrd so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun 450 mlrd so‘m resurs mavjud.
Shuningdek, Kambag‘allik jamg‘armasidagi 240 mlrd so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 mlrd so‘m va uchta “daftar”dagi 760 mlrd so‘m mablag‘ ham tuman shtablari ixtiyoriga beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 mlrd so‘mlik qoldig‘i ham shtablar orqali ajratiladi.
Shu tariqa, tumanlar ixtiyoriga jami 3 trln 200 mlrd so‘m resurs yo‘naltiriladi. Shtablar subsidiya yoki foizsiz ssuda berish masalasini ham mustaqil hal qiladi.
Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 mln so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.
Kredit tarixida kechikish bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini ham individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Yig‘ilishda tadbirkorlarga kredit ajratishda burokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, to‘lov grafiklari esa biznes turiga moslashtirilmagani tanqid qilindi.
Kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini farmon va qarorlar bilan belgilash amaliyotidan voz kechiladi. Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bank hududlar salohiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi.
Shuningdek, 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi. Ular “loyihabay” ishlash tizimiga o‘tkazilib, buning uchun ikki oy ichida maxsus o‘quv markazi tashkil etiladi.
Yil yakunida har bir tumandan eng yaxshi ikki nafar hokim yordamchisi Xitoy, Yaponiya va Turkiyaga malaka oshirishga yuboriladi. Eng namunali xodimlarga 50 foizgacha ustama to‘lanadi.
Videoselektornoe soveshanie po organizatsii deyatelnosti maxallinskoy semerki - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.07.2026
Mahallalarga 240 mlrd so‘m resurs va yangi vakolatlar beriladi
Yangiliklar lentasi
0