Oltin — 2,7 barobar, gaz — 36 foiz: O‘zbekiston eksporti qanday o‘zgardi

© RIA Novosti / Ilya NaymushinSvejeviplavlennie zolotie slitki visshey probi 99,99 protsentov chistoti
Svejeviplavlennie zolotie slitki visshey probi 99,99 protsentov chistoti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.08.2026
Obuna bo‘lish
Yetti oyda oltin eksporti 2,7 barobar, gaz yetkazib berish esa 36 foiz kamaydi. Neft mahsulotlari eksporti 1,5 barobar oshgan.
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyul oylarida oltin eksporti 2,7 barobar, tabiiy va sun’iy gaz eksporti esa 36,2 foizga kamaydi. Bu Milliy statistika qo‘mitasining tashqi savdo bo‘yicha hisobotida qayd etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yetti oyda O‘zbekiston 2,8 mlrd dollarlik nomonetar, ya’ni valyuta zaxirasi sifatida emas, tovar shaklida eksport qilinadigan oltin sotgan.
Shunday qilib, oltin eksporti qiymati bir yilda qariyb 4,8 mlrd dollarga yoki 63,1 foizga qisqargan. Qimmatbaho metallning umumiy eksportdagi ulushi ham 36,7 foizdan 14,1 foizga tushgan.
Yanvar–iyun oylarida oltin eksporti 1,5 mlrd dollarni tashkil etgan edi. Yetti oylik natija bilan taqqoslanganda, iyul oyining o‘zida qariyb 1,3 mlrd dollarlik oltin eksport qilingani ma’lum bo‘ladi. Joriy yilda oltin eksporti faqat aprel va iyul oylarida qayd etilgan.
Hisobot davrida tabiiy va sun’iy gaz eksporti ham 36,2 foizga kamayib, 279,7 mln dollarni tashkil etgan.
Ayni paytda neft va neft mahsulotlari eksporti 51,2 foizga o‘sib, 515,9 mln dollarga, elektr energiyasi eksporti esa 30,3 foizga ko‘payib, 134 mln dollarga yetgan.
Natijada gaz eksportidagi pasayishga qaramay, mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shu kabi mahsulotlar eksporti umumiy hisobda 5,4 foizga oshib, 931,5 mln dollarni tashkil qilgan.
Umuman, yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston eksporti 19,9 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 foizga kamaygan. Biroq oltin hisobga olinmaganda, eksport hajmi 13,1 mlrd dollardan 17,13 mlrd dollargacha — 30,8 foizga o‘sgan.
Kak izmenilsya vneshnetorgoviy oborot Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.07.2026
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi qanday o‘zgardi — infografika
Yangiliklar lentasi
0