Putin Rossiya atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalarni belgiladi

© POOL
/ Obuna bo‘lish
"Rosatom"ning eksport portfeli turli mamlakatlarda qurilayotgan 28 ta energoblokni qamrab olgan.
TOShKENT, 20 avg — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin atom energetikasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Tadbir Rossiya atom sanoati tashkil etilganining 81-yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tdi.
Rossiya rahbarining asosiy bayonotlari:
"Rosatom"ning eksport portfeli hozir dunyoning turli mamlakatlarida qurilayotgan 28 ta energoblokni o‘z ichiga oladi;
Rossiya atom energetikasining butun texnologik zanjiri bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘lgan dunyodagi yagona davlat bo‘lishi mumkin. AESlarning xavfsizligi va ishonchliligi bo‘yicha yuqori standartlar mamlakatga xorijda atom stansiyalari qurish bozorida yetakchi o‘rinni egallash imkonini bermoqda;
kelgusida Rossiyada qariyb 30 GVt yangi atom quvvatlari, jumladan, kichik AESlar ishga tushiriladi. Ular xizmat muddati tugayotgan energobloklarni almashtirish va atom generatsiyasining umumiy quvvatini oshirishga xizmat qiladi;
yangi atom stansiyalari Ural, Sibir va Uzoq Sharqda ham quriladi. Bu hududlarni arzon va ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi;
jahon atom energetikasida raqobat yuqori. Shu bois Rossiya texnologik yetakchiligini mustahkamlashi, atom generatsiyasi xavfsizligi va iqtisodiy samaradorligini muntazam oshirib borishi zarur;
raqamli platformalar rivojlanishi elektr energiyasiga talabni oshirmoqda. Yangi generatsiya quvvatlarini, jumladan, AESlarni ishga tushirishda bu omil hisobga olinishi kerak;
katta va kichik AESlarni loyihalash hamda qurishga texnologik tayyorlikni ta’minlash, shuningdek, seriyali ravishda qurish mumkin bo‘lgan namunaviy energobloklar qatorini yaratish muhim.
