Prezident sun’iy intellekt loyihalari soni va qamrovini kengaytirishni topshirdi
17:42 07.08.2026 (yangilandi: 17:45 07.08.2026)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Kelgusi ikki yilda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini to‘liq amalga oshirish vazifasi belgilandi.
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev huzurida sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda prezident mutassaddilarga sohadagi loyihalar soni va qamrovini kengaytirishni topshirdi.
"Joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 100 tadan oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida ishlab chiqilayotgan yechimlar taqdim qilindi", - deyiladi xabarda.
Bu borada IT-Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Joriy yilda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga yetkazish kutilmoqda.
Sun’iy intellekt yechimlarining samaradorligi sifatli ma’lumotlar bazasiga bevosita bog‘liqligi ta’kidlandi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi mavjud ma’lumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning to‘liqligi, ishonchliligi va o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, sohalar kesimida sifatli ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat oldi. Kelgusi ikki yilda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini to‘liq amalga oshirish vazifasi belgilandi.
Taqdimotda Respublikada so‘nggi yillarda sun’iy intellekt sohasida erishilgan yutuqlar ham sanab o‘tildi:
Taqdimotda Respublikada so‘nggi yillarda sun’iy intellekt sohasida erishilgan yutuqlar ham sanab o‘tildi:
O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘rinni egalladi.
O‘tgan oyda “Raqamli hukumat” data-markazida AQShning NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan va uning klaster yuklamasining bir oyda 90 foizga yetdi.
O‘zbekiston yaqinda WAICO – Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotiga ta’sischi sifatida a’zo bo‘ldi.