Mis narxi: Markaziy Osiyodagi eng yirik mis boyitish fabrikasi qanday ishlamoqda?
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
OKMKning 3-mis boyitish fabrikasi loyihaviy quvvatiga chiqqandan so‘ng mis rudasini qayta ishlash va mis konsentratini ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik korxonaga aylanadi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining (OKMK) 3-mis boyitish fabrikasi (3-MBF) O‘zbekistondagi eng yirik sanoat va investitsiya loyihalaridan biridir.
Qiymati 2 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan ushbu korxona “Yoshlik-1” koni ma’danini qayta ishlaydi. Fabrika 2021-yilda qurila boshlanib, 2026-yilning mart oyida ishga tushirilgan. 196 gektar maydonni egallaydigan korxona yiliga 60 mln tonna ma’danni qayta ishlashga mo‘ljallangan.
“Fabrikamiz loyihaviy quvvatga erishganidan so‘ng Markaziy Osiyoda mis rudasini qayta ishlash va mis konsentratini ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik korxonaga aylanadi”, — deydi 3-MBF maydalash va flotatsiya sexi boshlig‘ining o‘rinbosari Nazokat Ahmedova.
Texnologik jarayon “Yoshlik-1” konining o‘zidayoq boshlanadi. Bu yerda maydalashning birinchi bosqichi joylashgan bo‘lib, undan keyin ruda to‘rt kilometr uzunlikdagi konveyer orqali yirik maydalangan ruda omboriga yetkaziladi.
“Fabrikada maydalashning uch bosqichi mavjud. Birinchi bosqichdan so‘ng ruda yirik maydalangan ruda ombori (YMRO)ga tashiladi va keyin qayta ishlashning navbatdagi bosqichlariga o‘tadi”, — deya tushuntirdi 3-MBF ishlab chiqarish-texnik bo‘limi muhandis-texnologi Doston Jo‘rayev.
Maydalangan ruda saralanib, tuyilgach, flotatsiyaga yuboriladi. Natijada mis konsentrati hosil bo‘ladi va undan mis eritish zavodida mis, kumush, oltin hamda boshqa qimmatbaho va rangli metallar ajratib olinadi.
Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari raqamli tizimlar orqali boshqariladi. Mutaxassislar markaziy dispetcherlik xonasidan turib, maydalashdan to tayyor mahsulot olingunicha bo‘lgan butun siklni nazorat qilib boradi.
“Operator ish parametrlarini belgilaydi. Avtomatika esa konveyerlar va maydalagichlar tezligini o‘zi boshqaradi, flotatsiyadagi sathlarni bir meyorda saqlaydi va reagentlarni doimiy ravishda meyorlaydi”, — dedi 3-mis boyitish fabrikasi Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘limi muhandis-dasturchisi Aleksandr San.
Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli yechimlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olishga yordam beradi.
3-MBF — bu butun bir ishlab chiqarish sexlari va yordamchi xizmatlar majmuasi. Asosiy bo‘linmalardan biri ruda tayyorlash korpusi hisoblanib, u yerda Rossiyaning “UZTM-KARTEKS” BK MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 12 ta tegirmon o‘rnatilgan.
“Bugungi kunga qadar yettita tegirmon ishga tushirildi, qolganlari esa sozlanmoqda. Ishlar xorijiy kompaniyalar mutahassislari va OKMK vakillari bilan hamkorlikda olib borishmoqda”, — deydi Nazokat Ahmedova.
Fabrikani qurish va jihozlashda xorijiy hamkorlar ishtirok etgan. Jumladan, Rossiyaning “UZTM-KARTEKS” kompaniyasi ushbu loyiha uchun maxsus ishlab chiqilgan maydalagichlar, ta’minlagichlar, konveyer uskunalari, g‘alvirlar va tegirmonlarni yetkazib berdi.
3-MBF nafaqat yirik sanoat obyektiga aylandi, balki bu yerda yuzlab yosh mutaxassislar ham ish bilan ta’minlandi.
3-mis boyitish fabrikasi ishlab chiqarish-texnik bo‘limining yetakchi muhandis-texnologi so‘zlariga ko‘ra, qurilish davrida uch mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan, bugungi kunda esa bu yerda ikki mingga yaqin kishi ishlamoqda.
“Xodimlarning 80-90 foizini Milliy tadqiqot texnologik universiteti (MISIS)ning Olmaliq filiali va Olmaliq davlat texnika instituti bitiruvchilari bo‘lgan yosh mutaxassislar tashkil etadi. Ko‘pchilik bizga amaliyotga kelib, keyin shu yerda ishlashga qoladi”, — deya qo‘shimcha qildi Nazokat Ahmedova.
3-MBF to‘liq ishga tushgach, Markaziy Osiyodagi eng yirik mis boyitish fabrikasiga aylanadi, “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish esa O‘zbekiston tog‘-kon metallurgiya sanoati rivojida yangi bosqichni boshlab beradi.